110 yildan keyingi munosib e’tirof

12:17 28 May 2018 Madaniyat
467 0

O‘zining noyob qobiliyati tufayli tariximizda yorqin iz qoldirgan farzandlari bilan xalqimiz haqli ravishda faxrlanadi. Ana shunday insonlardan biri — o‘n to‘qqizinchi asrda To‘raqo‘rg‘on zaminida tug‘ilib o‘sgan nodir iste’dod sohibi Ishoqxon Junaydullaxo‘ja o‘g‘li Ibratdir. Ilg‘or dunyoqarashi bilan zamondoshlari qalbidan mustahkam joy olgan bu yuksak tafakkur sohibiga bo‘lgan ehtirom davlatimiz rahbari tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor misolida yorqin namoyon bo‘lmoqda.

Ma’rifat mash’alasini baland tutib

Ishoqxon Ibrat faoliyat doirasi keng, Vatan, yurt istiqloli uchun aziz jonini fido qilgan milliy uyg‘onish davrining yetuk namoyandalaridan biri. Uning ota-onasi o‘z davrining o‘qimishli kishilaridan bo‘lgan. Ibrat dastlab hijo yo‘nalishidagi qishloq maktabida o‘qidi, ammo savodini onasining qo‘lida chiqardi. Adabiyot va san’atga mehri baland bo‘lganidan tahsilni davom ettirishi uchun uni Qo‘qonga yuboradilar. 1878 yilda Muhammad Siddiq Tunqator madrasasi tolibi bo‘ladi. Uning tahsil yillari o‘zbek adabiyoti, madaniyati, ta’limida tub o‘zgarishlar yuz berayotgan davrga to‘g‘ri keladi. Yosh Ishoqxonning til o‘rganishga ishtiyoqi baland, bu boradagi qobiliyati tengdoshlariga nisbatan ancha ziyoda edi. Shu bois o‘qish chog‘ida arab, fors, rus tillarini chuqur o‘rgandi, Sharq olimlarining asarlarini asliyatda mutolaa qildi. 1886 yilda madrasani tamomlab, qishlog‘iga qaytgach, yoshlar uchun yangi usuldagi, bitta sinfdan iborat maktab ochdi. O‘zi darslik yozdi. Lekin mahalliy hukmdorlar ijtimoiy bilimlarni o‘rgatishga ixtisoslashtirilgan bu maktabni tezda berkitishadi. Shundan so‘ng Ibrat sayohat maqsadida Istanbul, Sofiya, Rim, Afina kabi shaharlarga yo‘l oladi. Qizil dengiz hamda Hind okeani orqali Hindistonga yetib boradi. Safarlar chog‘ida chet tillarini bilish jahon adabiyoti, madaniyati va fanini o‘rganishda katta imkoniyat yaratadi, degan xulosaga kelib, fransuz, ingliz, hind tillarini ham o‘rganishga muvaffaq bo‘ldi.

Jahongashtalik jonu dili bo‘lgan Ishoqxon safarlar chog‘ida nigohi tushgan ilg‘or texnologiya, me’moriy tajriba, ilm-fan yutuqlaridan o‘zi bahramand bo‘libgina qolmay, ularni xalqiga ilindi.
— Katta bobom sayohatlardan boshqalar singari gilam yoki boshqa qimmatbaho buyumlarni qo‘ltiqlab qaytmagan, balki ko‘pchilikka nafi tegadigan texnika, zamonaviy ashyo yoxud madaniy hayot vositalarini olib kelishga odatlangan ekan, — deydi Ibratning chevaralaridan biri, to‘raqo‘rg‘onlik faxriy muallima Jamilaxon Nizomova. — Buni, masalan, 1908 yili Orenburgga safari paytida matbaachilik ishiga ishqi tushib, litografik jihozlar to‘plamini sotib olgani va Qo‘qongacha poyezdda, so‘ngra qishlog‘iga ot-aravada ming mashaqqat bilan keltirgani ham tasdiqlaydi. U kishining Hindistondan olib kelgan sovitkichi, Rossiyadan xarid qilgan fotoapparati zamondoshlari uchun mo‘’jizadek tuyulgan.

Namanganda birinchi bor barpo etilgan “Matbaai Ishoqiya” bosmaxonasi Farg‘ona vodiysi matbaachiligining ilk korxonasi bo‘lib, unda mazkur yangilik tashabbuskorining asarlari, darsliklar hamda bir qator gazetalar chop qilingan. O‘z hovlisida qurgan gulbog‘i, katta kutubxona, hammom va g‘ishtxumdon, ko‘pchilikni hayratga solgan favvora bilan esa hamqishloqlarining qarashlarini o‘zgartirdi.

Bulardan tashqari, Ibrat domladan bizga katta adabiy meros qoldi. Noyob iqtidor sohibining “Ilmi Ibrat”, “Bo‘lubtur”, “Sahar vaqti chaman ichra”, “Siymu zardur”, “Tabrik Namangondin”, “Turkiston ahliga xitob”, “Tarixi manzumai vagon Ibrat” singari ijodiy, olti tilda yaratilgan “Lug‘ati sitta al-sina”, shuningdek, “Jome’ ul-xutub”, “Tarixi Farg‘ona”, “Mezon ul-zamon”, “San’ati Ibrat, qalami Mirrajab Bandiy” kabi ilmiy asarlari adabiyotimiz oltin xazinasidan munosib joy olgani buning tasdig‘idir.

Mustabid tuzumning yana bir qurboni

Ilg‘or g‘oyalari hamda amaliy ishlari bilan el o‘rtasida hurmati baland bo‘lgan Ishoqxon to‘raning xatti-harakatlari, tabiiyki, ayrim amaldorlarning g‘azabini keltirar, unga to‘sqinlik qiladigan kishilar hamisha topilardi. Ular avvaliga qishloqda tashkil etilgan va Ibratning o‘zi muallimlik qilgan maktabni yopishdi. So‘ngra joriy etgan yangiliklarini qoralashdi. Pirovardida unga nisbatan tazyiq kuchayganidan-kuchayib, qora kuchlar niyatiga yetdi. Minglab o‘zbek ziyolilarining yostig‘ini quritgan qatag‘on mashinasi to‘raqo‘rg‘onlik ma’rifat peshvosini ham o‘z domiga tortdi.

— Onamning 1937 yilda bobom qamoqqa olingani haqidagi alamli xotirasini juda ko‘p eshitganman, — deydi Ibratning kenja qizi Afiqaxon ayaning farzandi Sanoatxon Muhiddinova. — U kishini tong pallasida uch qop kitoblari bilan birga yuk mashinasiga o‘tqazgan holda, noma’lum tomonga olib ketishgan ekan. Alaloqibat bobomning diydori barcha yaqinlari uchun armon bo‘lib qolgan.

Ma’lumotlarga qaraganda, “xalq dushmani” tamg‘asi bilan avaxtaga tiqilgan 75 yoshli Ishoqxon domlani hibsxonada doimiy qiynoqqa tutishgan. Oxir-oqibat kamsitishlaru ruhiy tahqirlarga dosh berolmagan inson o‘sha yerda vafot etadi. Qamoqxona ma’muriyati o‘z tartib-qoidalariga zid bo‘lsa-da, avliyosifat bu kishining jasadini musulmonchilik tamoyillari asosida dafn qilish uchun uning yaqinlariga beradi. Xalqning suyukli farzandi hayotiga jisman nuqta qo‘yilgan bo‘lsa-da, uning minglab yurtdoshlar qalbidan o‘rin egallab ulgurgan sharafli nomi, xayrli ishlarini o‘chirishga hech kimning qurbi yetmadi.

Bobomiz orzusidagi gulbog‘

Bugun ko‘plab bobokalonlarimiz qatori Ishoqxon Ibratning nomi ham yuzaga chiqdi: u millatimiz ravnaqida munosib o‘ringa ega bo‘lgan ulug‘ kishilar qatoridan mustahkam joy oldi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2016 yili namanganliklar bilan saylovoldi uchrashuvida viloyatning aziz insonlari haqida so‘z ochib, birinchi galda Ibrat domlaning ismini tilga olgan, To‘raqo‘rg‘on shahrida uning nomidagi xiyobon va til o‘rgatish maktabini tashkil etish taklifini o‘rtaga tashlaganda, kattayu kichik buni mamnuniyat bilan qabul qilgan edi. Bugun viloyat markaziga yondosh To‘raqo‘rg‘onni tanib olish oson emas. Tezkorlik bilan bunyod etilgan “Ishoqxon to‘ra Ibrat” me’moriy majmuasi, unga uyg‘un holda qurilgan inshootlar shahar qiyofasini butunlay o‘zgartirib yubordi. Ibratning nurli siymosi muhrlangan muhtasham haykal, turfa rang gullar bilan bezangan xiyobon, musiqali favvora, shoir g‘azallaridan namunalar, uch tilda hikmatli so‘zlari bitilgan ayvon, til o‘rgatish maktabi, 1860 yilda qurilgan hamda joriy yilda rekonstruksiyadan chiqarilgan o‘oyibnazar qozi madrasasiga joylashtirilgan muzeydan iborat majmua bu yerga tashrif buyurgan har bir kishining bahridilini ochadi.

Majmua tuman markazidan o‘tgan Kosonsoy sohilining shundoqqina yonida joylashgan. Uning loyihasini ishlab chiqish va qurilish ishlari chog‘ida soyning mazkur qismini hamda sohilni obod qilish, bu yerda mashhur kurortlarniki singari sayilgoh yaratishga alohida e’tibor qaratildi. Hududdagi Toshkent mahallasida zamonaviy yopiq bozor va supermarket qad rostladi. Uning davomida qurilayotgan to‘rtta ko‘p qavatli turarjoy binosidagi xonadonlar yaqinda o‘z sohiblarini bag‘riga oladi.

— Qishlog‘i dunyoning go‘zal hamda betakror, yuksak madaniyatli shaharlari qatoridan joy olishi Ibrat domlaning eng katta orzularidan biri edi, — deydi Namangan viloyati teleradiokompaniyasi direktori Muhammadjon Maqsudov. — Bugun tobora yashnab borayotgan To‘raqo‘rg‘on o‘sha orzuning ijobatiga aylandi. Ma’rifatparvar inson xotirasini abadiylashtirishga qaratilgan ishlardan barchamiz minnatdormiz.

Darhaqiqat, Ishoqxon Ibrat bir asrdan ko‘proq vaqt muqaddam To‘raqo‘rg‘onni ma’naviyati va ma’rifati yuksak maskanga aylantirish harakatini boshlagan edi. Uning g‘oyalari, elni baxtli-saodatli, farzandlarni bilimdon ko‘rish yo‘lidagi intilishlari bugun ro‘yobga chiqdi.

Ibrat maktabida nechta tilni o‘rgatishadi?

Majmuadagi xorijiy tillarga ixtisoslashtirilgan maktab-internat Ibrat domla boshlagan ishning davomi, yoshlar innovatsion usullarda tahsil oladigan maskan bo‘ldi. Ilm dargohida ingliz, nemis, fransuz, koreys, arab, xitoy hamda rus tillari chuqurlashtirilgan holda o‘rgatiladi. Oliy o‘quv yurti tizimida ish olib boriladigan maktabga o‘quvchilar tanlov asosida qabul qilinadi. Joriy o‘quv yilida qabul qilingan 80 nafar o‘g‘il-qiz tajribali murabbiylar sabog‘ini muvaffaqiyatli o‘zlashtirdi. Ulardan biri Mohinabonu Rahimjonova bu yerda yaratilgan shart-sharoit, ta’lim jarayonining tashkil etilishi haqidagi fikrlarini shunday ifodalaydi:

— Ishoqxon bobomiz deyarli sharoit bo‘lmagan davrda xorijiy tillarni sabot bilan o‘zlashtirgan. O‘sha davr va bugungi kun imkoniyatlari o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor, desam, yanglishmayman. Ilg‘or mezonlarga tayangan ilm dargohidagi ta’lim texnologiyasi jahon andozalariga asoslangan. Masalan, elektron tarmoqqa joylashtirilgan baza orqali kerakli darslikni bemalol topa olamiz. Unga joylashtirilgan yetti tilli lug‘at yordamida istagan til bo‘yicha saboq olish mumkin.

Namangan davlat universiteti qoshida faoliyat yuritayotgan mazkur maktab-internatdagi til o‘rgatish markazida mamlakatimiz poytaxtidagi tillarga ixtisoslashtirilgan oliy o‘quv yurtlari bilan onlayn tarzida bog‘lanish imkoniyati ham yaratilgan.

Davlatimiz rahbari joriy yilning 2-3 may kunlari Namangan viloyatiga tashrifi chog‘ida ushbu maktab-internat faoliyati bilan yaqindan tanishib, pedagog va o‘quvchi-yoshlar bilan muloqotda bo‘ldi. Bu yerdagi imkoniyatlardan oqilona foydalangan holda, ta’lim darajasini yuqori bosqichga ko‘tarish yuzasidan o‘z tavsiyalarini berdi. Pirovardida maktab bitiruvchilarining tilshunoslik yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlariga imtihonsiz qabul qilinishi haqidagi xushxabar bilan barchani quvontirdi.

Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, atoqli ma’rifatparvar ajdodimiz o‘ziga Ibrat taxallusini bejiz tanlamagan ekan. Uning el-yurt taraqqiyoti yo‘lidagi fidokorona 
hayoti nafaqat o‘z davrida, balki bugun ham barchamiz uchun haqiqiy ibrat namunasi bo‘lib qolmoqda. To‘raqo‘rg‘onda bunyod bo‘lgan majmua esa dillarga yorug‘lik ulashib, ma’rifat ziyosini tarataveradi.

Qudratilla NAJMIDDINOV,
«Xalq so‘zi» muxbiri.

 


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?