11 oylik chaqaloqning tanasidan 16 dona igna topilgani esingizdami?! (Foto)

18:00 22 Oktyabr 2019 Jamiyat
2476 0

Oʻtgan yilning yanvar oyida Toshloq tumanidagi 11 oylik chaqaloqning tanasidan 16 dona igna topilgani haqida shov-shuvli xabarlar tarqalgan edi.

Chaqaloq jarrohlik amaliyotiga yotqizilgani, sogʻligi haqidagi yangiliklar hech kimni befarq qoldirmadi. Goʻdak tanasiga ignalar qanday va kim tomonidan kiritilgani haqida turli faraz va taxminlar bildirilib, mazkur voqea bir necha oy davomida barchaning eʼtiborida boʻldi. Oʻsha kezlarda zudlik bilan bola tanasidagi 11 dona igna 9 soatlik jarrohlik amaliyotidan soʻng tanadan chiqarib tashlangandi. Afsuski, qolgan ignalar bolaning tanasida hamon “yashamoqda”. Ularni qachon olish haqida kun kelib shifokorlar oʻz soʻzini aytishadi. Bolakay esa ungacha ulgʻayishi, kuch-quvvat yigʻishi kerak.

Aslida bu mavzuni qayta koʻtarish niyatidan yiroqmiz. Bilganimiz yaqinda ushbu Xudoyberdiyevlar oilasi yangi xoʻjalikka koʻchib oʻtishdi. Boshidan ogʻir va sinovli damlarni oʻtkazgan bu oilaning ahvoliga mamlakat, xalq, mahalla, mahalliy vakillik organlari jim qarab turishmadi. Kimdir moddiyat va kimdir duo bilan ularni qoʻllab turdi. Quvonarlisi shundaki, mana shunday ezgu tashabbus hali ham davom etmoqda.

Toshloq tumani Davlat xizmatlari markazi xodimlari ham kuni kecha Xudoyberdiyevlarning yangi hovlisida boʻlishdi. Vakillar oʻz vakolatlari doirasida ularning muammolari bilan qiziqdi.

–Operatsiyadan keyin Azizbek oʻgʻlim 17 kun komada yotdi. Xudoga shukr, hozir bolamning ahvoli kundan-kunga yaxshilanib boryapti. Yomon kunlar ortda qoldi, –deydi otasi Azimjon Xudoyberdiyev. – Shunaqangi tashvishlar bilan boʻlib elektr xisoblagich, yangi xonadonimizga kadastr hujjatlarini toʻgʻrilash kimning hayoliga kelipti, deysiz. Hayriyat bu borada ham bizni esdan chiqarishmadi. Davlat xizmatlari markazidan vakillar kelishib kadastr hujjatlari bilan bogʻliq barcha jarayonlarni oʻzlari bajarishdi, egalik qilish guvohnomasini ham berishdi. Rahmat barchalariga!

Azizbekning bugungi holati haqida uning onasi Shohsanamxon shunday deydi: “Uyqusi, ishtahasi yaxshi. Oʻyinqaroq. Hovliga, koʻchaga chiqib sayr qilishni yaxshi koʻradi”. Asosiysi, Azizbekning sogʻayib borayotgani. Bolakay narkoz va oʻtkazilgan jarrohlik amaliyoti taʼsirida 2 yoshdan oʻtgach endigina ilk qadamlarini tashlay boshlagan.

Sir-sinoatli holatda nishlar bilan olishgan va olishayotgan Azizbekni koʻrib qaytarkanmiz, uning bugungi holatidan biroz koʻnglimiz yorishdi. Hayot esa davom etadi...

Elyorjon EHSONOV
(“Xalq soʻzi”)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?