100 yoshga yetmaganlarga sigaret sotishmoqchi emas

15:39 05 Fevral 2019 Dunyo
376 0

Illyustrativ foto

AQSHning Gavayi orol shtati mahalliy hokimiyati oʻziga xos qonun loyihasini koʻrib chiqishga taqdim etishdi. Unga koʻra 100 yoshga yetmagan shaxslarga sigaret(tamaki) sotishni taqiqlash nazarda tutilgan. Bu haqda CNN xabar berdi.

Maʼlum boʻlishicha, ushbu shtatda tamaki mahsulotlariga oid qonunchilik Amerikadagi eng “qattiqqoʻl”ligi bilan ajralib turar ekan. 2016 yilda bu yerda sigaret sotib olishga ruxsat etiladigan yosh birinchi boʻlib 21ga chiqarilgan edi. Yangi qonun loyihasiga koʻra mazkur yosh chegaralarini bosqichma-bosqich uzaytirib borish rejalashtirilgan: 2020 yildan 30, 2021 yildan 40, 2022 yildan 50, 2023 yildan 60, 2024 yilga kelib esa 100 yoshga yetganlar tamaki xarid qilishlari mumkin.

Biroq yosh cheklovlari elektron sigaretlar, sigaralar yoki saqich-tamakiga tatbiq etilmasligi aytilgan. Xabar berilishicha, har yili sigaret savdosidan olinadigan soliq orqali shtat byudjetiga 100 mln. dollar kelib tushadi. Mahalliy rasmiylar ushbu summaning oʻrnini qoplash haqida ham bosh qotirishyapti.

“Qonunchilik organi sigaretni insoniyat tarixidagi eng qotil vosita deb biladi”, - deyiladi yangi qonun loyihasi matnida.

Bugungi kunda AQSHning koʻplab shtatlarida 18 yoshdan boshlab sigaret sotib olishga ruxsat berilgan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?