100 ta eng yaxshi innovatsion loyiha hayotga tatbiq etiladi

14:56 20 Fevral 2019 Jamiyat
120 0

Illyustrativ foto

Matluba Hotamova — Buxoro davlat tibbiyot institutining tajribali dotsent-oʻqituvchisi. Bir necha yildan buyon shogirdlari bilan birga oʻsmir qizlar ginekologiyasi boʻyicha izlanishlar olib boradi. Ushbu yoshdagi qizlarning salomatligiga eʼtiborli boʻlish, onalarning esa mazkur masalalarga jiddiy ahamiyat qaratishi tarafdori.

— Mentalitetimiz bilan bogʻliq shunday tushunchalar borki, yosh qizlarning shifokor huzuriga borishini unchalik ham toʻgʻri deb hisoblamaydigan ayrim onalar ularda uchraydigan koʻplab ginekologik kasalliklarning koʻpayishiga sabab boʻlyapti, — deydi M. Hotamova. — Shuning uchun ham masalaga, ayniqsa, mamlakatimizning chekka hududlarida jiddiy eʼtibor qa­ratish lozim. Loyiham doirasida viloyatimizning Olot hamda Qorakoʻl tumanlarida boʻlib, oʻsmir qizlarning salomatligiga oid raqamlar bilan tanishdim. Afsuski, ularda oʻsmir qizlar shifokori haqidagi qarashlar shakllanmagan. Vaqtida qilinmagan muolaja esa keyinchalik qizning oilasi barbod boʻlishiga, oʻzining salomatligi bilan bogʻliq jiddiy muammolar kelib chiqishiga sabab boʻlishi mumkin.

Dotsent M. Hotamova mazkur ijtimoiy loyihasini Oʻzbekis­ton Xotin-qizlar qoʻmitasi va Oʻzbekiston ixtirochi ayollari markazi tomonidan oʻtkazilayotgan “Oʻzbekiston ayollarining 100 ta eng yaxshi innovatsion loyi­hasi” respublika tanlovining yakuniy bosqichiga taqdim etdi. Tanlov turli sohalarda faoliyat yuritib, istiqbolli gʻoyalarini hayotga tatbiq qilishga intilayotgan yuzlab faol xotin-qizlarni bir maydonga jamladi.

Jizzax davlat pedagogika instituti oʻqituvchisi Gulmira Azamatova esa xotin-qizlarning noqonuniy mehnat migratsiyasining oldini olish boʻyicha izlanish olib bormoqda.

— Loyiham oilasini tashlab noqonuniy mehnat qilish maqsadida chet ­davlatlarga borib ishlayotgan ayollarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan, — deydi G. Azamatova. — Ular oʻz huquqlarini bilmasligi, boshqa mamlakat qonunchiligidan bexabarligi sababli xorijda qiyin vaziyatlarga tushib qolyapti. Loyiha doirasida viloyatning chekka qishloqlarida xotin-qizlar, mahalla faollari va yoshlar bilan davra suhbatlari, ochiq muloqotlar tashkil etish rejalashtirilgan.

Yakunda 300 dan ziyod ishtirokchilarning innovatsion lo­yihalari orasidan 100 ta eng munosibi saralab olinib, ularni amaliyotga joriy qilish rejalashtirilyapti.

Munisxon KARIMOVA (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?