100 ming soʻmlik banknotaning dizayni va chiqarilish muddati maʼlum boʻldi

18:08 16 Fevral 2019 Iqtisodiyot
718 0

Oʻzbekiston Respublikasi Markaziy banki 2019 yilning 25 fevraldan boshlab qiymati 100 000 soʻm boʻlgan banknot koʻrinishidagi yangi pul belgisi muomalaga chiqarilishi toʻgʻrisida maʼlum qildi.

Qiymati 100 000 soʻm boʻlgan banknotning mavzusi (tematikasi) buyuk oʻzbek olimi Mirzo Ulugʻbek faoliyati va uning astronomiya fanidagi yutuqlariga bagʻishlangan.

Banknotning oʻlchami 144 x 78 mm. boʻlib, maxsus himoyalangan qogʻozda chop etilgan. Banknotning oʻng tarafidagi oq oval qismida Mirzo Ulugʻbek surati koʻrinishidagi lokal suv belgisi va 100000 raqami koʻrinishida filigran suv belgisi joylashgan.

Banknotning oʻng tarafidagi qogʻoz qatlamida kengligi 5 mm. 3D effektga ega boʻlgan, yuqori himoyali, shoʻngʻuvchi, banknotning ustki qatlamiga chiquvchi himoya ipi joylashtirilgan. Yorugʻlik manbaida ip toʻliq koʻrinishga ega boʻlib, banknotning istalgan qiyalik koʻrinishida ipdagi tasvirlarda siljish effekti paydo boʻladi. Old va orqa tomonlarining foni asosan och jigarrang va havo ranglaridan iborat.

Banknot old tomonining chap qismida Mirzo Ulugʻbek haykali tasvirlangan. Banknotning yuqori qismining chap tarafida rangi oʻzgaruvchan 100000 raqami joylashtirilgan boʻlib, maʼlum qiyalik burchagida qaralganda uning rangi qirmizi rangdan jigarrangga oʻzgaradi.

Banknotning quyi qismining chap tarafida ornamental tasvir asosida (fonida) “UZB” koʻrinishidagi yashirin tasvir mavjud boʻlib, u yorugʻlik manbaiga nisbatan maʼlum qiyalikda koʻrinadi. Banknotning chap tomonida joylashgan yashil rangdagi maxsus element koʻzi ojiz insonlar uchun moʻljallangan boʻlib, boʻyoqning boʻrtmaligi hisobiga banknotning qiymatini aniqlash mumkin. Banknotning yuqori qismida, haykalning oʻng tomonida koʻp funksiyali usturlob (“Astralyabi”) astronomik asbobi tasviri joylashgan va u registr vazifasini bajarib, “old” va “orqa” tomonlarini bir-biri bilan mos tushirish uchun xizmat qiladi, yorugʻlikka qaratilganda orqa tomondagi rangli fon bilan tasvir mukammallashadi. Banknot yuqori qismining oʻng tomonida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni mavjud. Banknotning yuqori oʻng burchagida Oʻzbekiston Respublikasining Gerbi jigarrangda aks ettirilgan.

Banknotning oʻrta qismida quyosh sistemasi sxemasi joylashgan boʻlib, uning rangi koʻrish burchagiga qarab bronza rangidan yashil rangga oʻzgaradi. Orbita doirasida quyosh sistemasi sayyoralari va oltita kichik sayyoralar turli oʻlchamdagi sakkiz qirrali yulduzchalar koʻrinishida joylashgan. Ularning rangi ham maʼlum qiyalikda oʻzgaruvchan xususiyatga ega. Orbitalar doirasi perimetri atrofida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI” soʻz birikmasi koʻrinishida takrorlanuvchi mikromatn mavjud. Banknot quyi qismining markazida “BIR YUZ MING SOʻM” matni joylashgan boʻlib, uning ostida “OʻZBEKISTON SOʻMI RESPUBLIKA HUDUDIDA HAMMA TOʻLOVLAR UCHUN OʻZ QIYMATI BOʻYICHA QABUL QILINISHI SHART” yozuvi aks etgan. Banknot pastki oʻng burchagidagi 100000 raqami ikki xil, yaʼni jigarrang va yashil rangda aniq chegaralangan holda bosilgan. Banknotning lotin alifbosidagi ikki harfli seriyasi va yetti xonali sondan iborat raqami ikki joyda bosilgan boʻlib, quyi qismining oʻng tomonidagi boʻyoq ferromagnit, chap qismdagi rangli maydondagi lyuminesser xususiyatiga ega. Banknot orqa tomonining chap qismidagi oval shakldagi maydonda ham lokal suvli belgisini koʻrish imkoniyati mavjud.

Chap tomonining yuqori burchagida giloshir rozetka maydonida banknot muomalaga chiqarilgan yil koʻrsatilgan. Banknotning markazida jigarrangda Mirzo Ulugʻbek observatoriyasi tasvirlangan va uning ustida “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI MARKAZIY BANKI” matni tushirilgan. Banknotning quyi qismida koʻk rangda 100000 raqami, “BIR YUZ MING SOʻM” yozuvi hamda ularning tagida “OʻZBEKISTON SOʻMINI QALBAKILASHTIRISH QONUNGA MUVOFIQ TAʻQIB QILINADI” matni joylashgan. Mazkur tasvirlar va banknotning yuqori qismi oʻng burchagidagi 100000 raqami metallograf bosma usulida (boʻrtmaligi seziladigan) bajarilgan. Banknotning oʻng tomonida qoʻsh yoyli kvadrant astronomik asbob tasvirlangan. Banknot markazida Oʻzbekiston Respublikasi xaritasining chegarasi aks ettirilgan boʻlib, unda buyuk olim Mirzo Ulugʻbek oʻz ilmiy faoliyatini olib borgan Samarqand shahrining joylashgan oʻrni belgilangan. Xaritaning foni uzluksiz ravishda takrorlanuvchi “OʻZBEKISTON RESPUBLIKASI” mikromatni bilan toʻldirilgan. Muomalaga chiqarilayotgan qiymati 100 000 soʻm boʻlgan pul belgisi, ayni paytda muomalada boʻlgan pul belgilari va tangalar bilan bir qatorda, barcha xoʻjalik yurituvchi subyektlar va aholi tomonidan oʻz qiymati boʻyicha barcha turdagi toʻlovlar uchun hech qanday cheklovlarsiz qabul qilinishi shart.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?