100 million dollarlik valyuta nimaning evaziga tejalmoqda?

17:04 03 Yanvar 2020 Iqtisodiyot
320 0

Termiz shahridagi “Surxon KSP Grand” masʼuliyati cheklangan jamiyatida qamishdan qurilishbop plita ishlab chiqarilmoqda. Bu haqda yaqinda “Oʻzsanoatqurilishmateriallari“uyushmasi tomonidan uyushtirilgan mediaturda aytib oʻtildi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2017-yil fevral oyida Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida qamishdan tayyor mebel mahsulotlari ishlab chiqarishgacha boʻlgan jarayonlarni qamrab olgan klaster usulidagi mazkur korxona loyihasi bilan tanishgandi. Birinchi bosqichda umumiy loyiha qiymati 5, 1 mln. dollar boʻlgan korxona ishga tushirilib, yiliga 30 000 m3 qamish qirindisi plitalari ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan korxonada 200 dan ziyod doimiy ish oʻrni yaratilgan.

Mahalliy hamda qayta tiklanuvchi xom ashyo bazasiga ega mazkur korxona faoliyat koʻrsatishi bilan chet eldan olib kelinadigan “DSP” uchun sarflanadigan 100 million dollar miqdordagi valyuta tejalishiga imkon berdi. Qolaversa, hisob-kitoblarga koʻra, 2020-yilda korxonadan 4 million dollarlik shu turdagi mahsulotni chet elga sotish ham moʻljallanmoqda. Eng muhimi, ushbu samarali loyiha tufayli byudjetga qoʻshimcha 2,1 milliard soʻm miqdordagi toʻlov manbasi yaratildi.

Aytish kerakki, ikkinchi bosqichda Muzrobod tumanida umumiy qiymati 12 million dollar boʻlgan yana bir loyiha hademay ishga tushiladi. Uning yillik quvvati 150 000 kub metr.Korxona ishga tushishi bilan yana 400 yangi ishchi oʻrni hamda 3500 mavsumiy ish oʻrinlarida mahalliy aholining bandligi taʼminlanadi.

Ilhom RAHMATOV.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?