10 kunda 1500dan ortiq chet ellik O‘zbekistonga kirish uchun ariza berdi: Eng ko‘p murojaat Xitoydan

09:38 26 Iyul 2018 Jamiyat
325 0
Foto: DNA News Agency

25 iyul holatiga ko‘ra O‘zbekistonga kirish elektron vizasini olish uchun murojaat qilgan xorij fuqarolari soni 1555 nafarga yetdi. Bu haqda O‘zA Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimovga tayanib xabar berdi.

Qayd qilinishicha, o‘tgan 10 kun ichida dunyoning 41 davlatidan O‘zbekistonga kirish elektron vizasini olish uchun murojaat qilingan. Ulardan 1095 kishiga elektron vizalar taqdim etilgan. 460 murojaat esa ko‘rib chiqilmoqda. Elektron viza so‘rab murojaat etganlarning 1062 nafari erkak, 493 nafari ayollardir. Hech kimga rad javobi berilmadi.

O‘zbekistonga eng ko‘p qiziqish bildirayotganlar safida hamon Xitoy fuqarolari yetakchilik qilmoqda. E-VISA olish uchun murojaat etgan xitoyliklar soni 295 nafarni tashkil etadi. Ikkinchi o‘rinda AQSH fuqarolari bo‘lib, ular tomonidan 216 ta so‘rovnoma to‘ldirilgan. Shuningdek, Buyuk Britaniya (176 nafar), Hindiston (154) va Fransiya (100) fuqarolari bu ro‘yxatda ko‘pchilikni tashkil etadi. O‘tgan haftada Ispaniya fuqarolaridan tushgan murojaatlar soni ham sezilarli darajada oshgan bo‘lib, ularning soni hozirda 70 taga yetdi.

Eslatib o‘tamiz, 2018 yil 15 iyuldan boshlab E-VISA berish jarayoni boshlandi va xorijiy fuqarolar yurtimizga kirish vizasini rasmiylashtirish uchun O‘zbekiston Respublikasining xorijdagi diplomatik vakolatxonalari, konsullik idoralariga majburiy murojaat etishlari bekor qilindi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?