10 yil oldin Amir Temur xiyobonidagi daraxtlarning kesib tashlangani jinoyat edimi?

12:11 29 Yanvar 2019 Jamiyat
3180 0

Foto: Sputnik

28 yanvar kuni Oʻzbekiston matbuot va axborot agentligi press-xollida “Mamlakatimizda ekologik muhitni yanada yaxshilash, atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari” mavzusida matbuot anjumani boʻlib oʻtdi. Bu haqda agentlik matbuot xizmati xabar berdi.

“Toshkent shahrida koʻkalamzorlashtirish konsepsiyasi mavjud emas, – dedi Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi Nodir Yunusov. – Bizga shunday konsepsiya kerak, u nafaqat daraxtlarni ekish va parvarish qilish, balki mavjud barcha daraxtlarni muhofaza qilish, sanitar tarzda, dori vositalaridan foydalangan holda sogʻlomligini saqlab qolish kabi dolzarb masalalarni ham qamrab olishi lozim”.

Nodir Yunusovning bildirishicha, Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi bilan hamkorlikda “Shahardagi daraxtlar boʻyicha strategiya” (“Strategiya po gorodskim derevyam”) ishlab chiqilgan. Bu loyiha aslida strategiyaning dastlabki xomaki koʻrinishi boʻlib, uni mutaxassislar va ilmiy institut xodimlarining takliflari asosida toʻldirish, kengaytirish talab etiladi. Hozirda MDH davlatlari shaharlarida mavjud loyihaviy ishlanmalar andoza sifatida oʻrganib chiqilmoqda. Yangi strategiyani avgust oyiga qadar Toshkent shahri miqyosida tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda.

“2018 yil 27 iyunidan 31 dekabriga qadar 10 ming tupdan ortiq daraxtni kesish boʻyicha murojaat tushgan, – dedi Nodir Yunusov. – Shulardan 3 201 tup daraxt saqlab qolingan. 1 899 tup daraxt “Oʻsimlik dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish toʻgʻri-sida”gi Qonunning 37-moddasi 3-qismiga asosan toʻlovsiz qirqilgan. 388 tup daraxt davlat ahamiyatiga ega boʻlgan obyektlar qurilishi munosabati bilan qirqilgan. 3 840 dona daraxt esa 1 mlrd 44 mln 908 ming 436 soʻmlik toʻlov puli evaziga yuridik va jismoniy shaxslarning murojaatiga koʻra qirqilgan”.

Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi mutasaddilarining bildirishicha, daraxtlarning noqonuniy kesilishini bartaraf etish borasida 2 ta vazifa koʻzda tutilgan.

Birinchidan, yagona maʼlumot almashish tizimi yoʻlga qoʻyiladi. Bu tizim orqali har qanday yuridik yoki jismoniy shaxs murojaatlarini boshqarmaning maʼlumotlar bazasiga joʻnatishi mumkin boʻladi. Tumanlarda tashkil etilgan inspeksiya xodimlari murojaatda koʻrsatilgan hududga operativ tarzda, yarim-bir soat ichida yetib boradi hamda belgilangan tartibda chora koʻradi.

Ikkinchidan, Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi 15 fevral kuni ishga tushadigan rasmiy saytida daraxtlarni kesish uchun berilgan ruxsatnomalar haqida oʻz vaqtida va toʻlaqonli maʼlumotlar joylashtirib boriladi.

Matbuot anjumani davomida OAV muxbirlari daraxtlar kesilishining oldini olish va nazorat oʻrnatish choralari haqida savollar berdi.

“Bu yil poytaxtimizda yuz bergan mudhish voqeaga roppa-rosa 10 yil toʻladi – 2009 yilda Amir Temur xiyobonidagi daraxtlar kesib tashlangan edi, – bloger Nikita Makarenko. – Bu hodisani siz huquqiy nuqtai nazardan qanday baholaysiz, siz buni jinoyat deb hisoblaysizmi yoki bu qonun doirasida qilingan ishmi?”

“Daraxtlarning kesilishi qonuniy yoki noqonuniyligi toʻgʻrisida Sud organlari qaror chiqaradi. Men hozir 10 yil oldin boʻlib oʻtgan voqeani sharhlab oʻtirmoqchi emasman, – dedi Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi Nodir Yunusov. – Men 2019 yildagi maʼlumotlar haqida gapira olishim mumkin. Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligida daraxtlarni noqonuniy kesish hamda buning uchun tayinlanadigan maʼmuriy jazo choralari aniq-tiniq yozib qoʻyilgan. Joriy yilning 28 kuni mobaynida prokuraturaga 2 ta holat boʻyicha taqdimnoma kiritildi. Jumladan, hozirda Uchtepa tumanida sodir etilgan holat yuzasidan 128 mln soʻmlik, Chilonzor tumanida yuz bergan holat boʻyicha esa 180 mln soʻmlik jarima undirish daʼvosi koʻrib chiqilmoqda”.

Maʼlumot uchun: Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi va uning tasarrufidagi tuzilmalar daraxtlarni kesishga ruxsat beruvchi organ hisoblanmaydi, xulosa beruvchi tashkilot sanaladi. Ushbu xulosa asosida joylardagi mahalliy hokimiyat organlari tomonidan ruxsatnomalar rasmiylashtiriladi. Daraxtlarni kesish vakolati Obodonlashtirish boshqarmasiga tegishli.

“Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi va Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi bilan hamkorlikda 2019 yilning 1 iyuniga qadar respublika hududidagi barcha daraxtlar xatlovlardan oʻtkaziladi”, – dedi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi Matbuot xizmati vakili Sevara Davlatova.

Toshkent shahar ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshligʻi Nodir Yunusovning maʼlum qilishicha, 2019 yil bahor mavsumida Toshkent shahrida 409 ming tup manzarali va mevali daraxt ekilishi belgilangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?