1-yanvardan nimalar oʻzgaradi?

10:56 24 Dekabr 2019 Jamiyat
624 0

Ushbu savolga “Huquqiy axborot” kanali javob berdi.

1-qism. Qisqarayotgan hujjatlar va vakolatlar

1. Davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilish uchun javobgarlik borshqaruv organlariga yuklanadi. Davlat xaridlari boʻyicha topshiriqlar va import kontraktlari “Loyihalar va import kontraktlarini kompleks ekspertiza qilish markazi”da ekspertizadan oʻtkazilmaydi.

2. 100 boshli chorva va 100 ming parranda boʻlgan xoʻjaliklarda veterinariya vrachi va zootexnik shtati joriy etiladi.

Qoramolchilik yoʻnalishidagi xoʻjaliklardagi hamda aholi qaramogʻidagi sigirlar seleksiya rejasiga asosan naslli buqalar urugʻi bilan sunʼiy urugʻlantiriladi.

Tuman hokimlari kelgusi yilga ozuqa ekinlarini joylashtirish rejasini “Oʻzbekchorvanasl” agentligining hududiy boshqarmalari bilan kelishadi.

3. Respublikaning barcha hududlaridagi koʻchmas mulkka nisbatan huquqlar haqidagi maʼlumotlar Reyestrga faqat elektron shakldagi kadastr pasporti tayyorlanganidan keyin notariuslar tomonidan elektron kiritiladi va mulkdorga Reyestrdan koʻchirma beriladi.

4. Quyidagilar kadastr organlariga elektron yuboriladi:

banklar tomonidan uy-joyga nisbatan mulk huquqini hamda ipotekani davlat roʻyxatidan oʻtkazishda uy-joyni qabul qilib olish dalolatnomasi va boshqa zarur hujjatlar;

Davlat aktivlarini boshqarish agentligi va rieltorlik tashkilotlari tomonidan koʻchmas mulk obyektini “E-IJRO AUKSION”da sotish va rieltorlik xizmatlari koʻrsatish orqali vujudga kelgan huquqlarni davlat roʻyxatidan oʻtkazish uchun zarur maʼlumotlar.

5. Tut daraxtlarini gʻayriqonuniy kesganlik, shikastlaganlik yoki yoʻq qilganlik uchun undirilgan jarimaning 50 foizi huquqbuzarlik sodir boʻlgan hududda yangi tut koʻchatlari ekish uchun yoʻnaltiriladi.

6. Qora metallar prokatini ishlab chiqarish uchun foydalaniladigan induksion pechlar va kameralarga nisbatan tegishli bojxona imtiyozlari tatbiq etilmaydi.

7. Ogʻir va yirik gabaritli avtomobillarning vazn va hajm parametrlarini nazorat qilish, ularning avtomobil yoʻllari boʻylab harakatlanishi uchun yigʻim undirish va harakatlanishiga ruxsatnoma berish Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi (Qoʻmita) tomonidan amalga oshiriladi.

Yoʻl harakatini tartibga solishning texnik vositalari va ularning konstruksiyalari, shu jumladan foto- va videoqayd etish texnik vositalari Qoʻmita bilan kelishilgan holda oʻrnatiladi.

Avtomobil yoʻllarining qatnov qismlariga uzunasiga joylashgan muhandislik kommunikatsiyalarining yangi tarmoqlarini loyihalashtirish va yotqizish taqiqlanadi, ularning avtomobil yoʻllari bilan koʻndalang kesishishi bundan mustasno.

8. Avtomobil yoʻllarini loyihalashtirish, qurish, rekonstruksiya qilish va kapital taʼmirlash, shuningdek, yoʻl-qurilish ishlarini texnik nazorat qilish uchun yangidan boshlanadigan obyektlar boʻyicha shartnomalar faqat davlat xaridlari toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq oʻtkaziladigan tanlov (tender) yakunlari boʻyicha tuziladi.

Yoʻl-qurilish ishlari boʻyicha konsalting xizmatlari (texnik nazorat) mustaqil tashkilotlar tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

Toshkent shahri koʻchalarini qurish va taʼmirlash boʻyicha buyurtmachining funksiyalarini sinov tarzida Toshkent shahar hokimligi amalga oshiradi.

9. 2020-yil 1-yanvardan boshlab, neft bitumining yoʻllarga moʻljallangan markalarini sotish sohasida foaliyat olib borish huquqi uchun litsenziya olish talab etilmaydi.

10. Hokimliklarning alohida funksiya va vakolatlari tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalariga oʻtkaziladi.

Hokimliklarning bir qator funksiya va vakolatlari chiqarib tashlanadi.

Davlat organlari va tashkilotlari jami 28 turdagi hujjatlarni fuqarolardan talab qilishi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan esa ularning berilishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Prezident va Hukumat hujjatlari bilan tuzilgan (roʻyxati mazkur qarorda keltirilgan) idoralararo kollegial organlari tugatiladi.

11. Ayrim xoʻjalik jamiyatlari va strategik ahamiyatli korxonalar xaridlarni amalga oshirishdan oldin davlat xaridlari boʻyicha maxsus axborot portalida eʼlon joylashtiradi.

12. Tajriba-sinov tariqasida 10 ta oliy taʼlim muassasalari oʻzini oʻzi moliyalashtirish tizimiga oʻtadi.

13. Aholi uchun issiqlik energiyasi va issiq suvga pasaytirilgan tariflarni qoʻllash natijasida koʻriladigan zararlar Qoraqalpogʻiston Respublikasining respublika byudjeti, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlari hisobidan qoplanadi.

Davomi bor...

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?