1 sentyabrga qadar Oʻzbekistonning uchta viloyatida elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi ishga tushiriladi

17:25 16 Yanvar 2019 Iqtisodiyot
577 0

Davlatimiz rahbarining 2018 yil 23 oktyabrdagi qaroriga muvofiq, oʻtgan yil 30 noyabrda Toshkent shahrida Janubiy Koreyaning “KT Corporation” kompaniyasi bilan elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini, SCADA – avtomatlashtirilgan dispetcherlik tizimi hamda axborot boshqaruv tizimlari (ERP) boshqariladigan yagona respublika maʼlumotlarni qayta ishlash markazini tashkil etish toʻgʻrisida bitim imzolangan edi. Ushbu Markazda yetakchi ishlab chiqaruvchilarning eng zamonaviy uskunalaridan foydalanish koʻzda tutilgan, deya xabar bermoqda “Oʻzbekenergo” AJ matbuot xizmati.

Hozirda elektr energiyasini ishlab chiqarish, tashish va taqsimlash boʻyicha energetika tizimining barcha korxonalarini, jumladan, barcha elektr energiyasi isteʼmolchilarini qamrab oladigan elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimini, shuningdek, SCADA – avtomatlashtirilgan dispetcherlik tizimini joriy etish boʻyicha ishlari boshlandi.

Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi loyihasining 1 bosqichi (Buxoro, Jizzax va Samarqand viloyati)da amalga oshirish davomida Osiyo taraqqiyot bankining iqtisod qilingan mablagʻlari hisobidan tashkil etiladi va 2019 yil 1 sentyabrgacha ishga tushirilishi moʻljallangan.

Bundan tashqari, SCADA – avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi tizimini yaratishni moliyalashtirish masalalarini hal qilish maqsadida joriy yilning 11 yanvar kuni “Eximbank”ning Seuldagi bosh ofisida “Oʻzbekenergo” AJ boshqaruvi raisi oʻrinbosari Jahongir Obidjonov va “Eximbank” direktori Von Suk Xa oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi. Yigʻilish yakunida tegishli tadqiqotlar oʻtkazish va yuqori malakali xorijiy maslahatchilar yordamida loyihaning texnik-iqtisodiy asosini tayyorlash uchun grant ajratish toʻgʻrisida kelishuvga erishildi. Ushbu loyihaning texnik-iqtisodiy asosi maʼqullanganidan soʻng, “Eximbank” loyihaga 20 yil muddatga imtiyozli kredit ajratadi.

Foto: “Oʻzbekenergo” AJ matbuot xizmati

Eʼtiborli jihati, SCADA – avtomatlashtirilgan dispetcherlik boshqaruvi tizimining joriy etilishi elektr qurilmalari ish rejimining optimallashtirilishi va inson omili tufayli yuz beradigan avariyaviy oʻchishlar oldi olinishi orqali isteʼmolchilarning elektr energiyasi bilan taʼminlash ishonchliligini oshirishga yordam beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?