1-sentyabrdan oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomasi beriladi

14:43 10 Iyul 2019 Iqtisodiyot
374 0

Hukumat qarori (566-son, 09.07.2019-y.) bilan Oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomasini berish tartibi toʻgʻrisidagi nizom tasdiqlandi. Bu haqda “Huquqiy axborot“ kanali maʼlum qildi.

Qarorga muvofiq, 2019-yil 1-sentyabrdan oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga vaqtinchalik mehnat guvohnomalari beriladi.

Oʻzini-oʻzi band qilgan fuqarolar – xizmatlar koʻrsatishni, ishlar bajarishni mustaqil amalga oshiradigan, yakka tartibdagi tadbirkor sifatida roʻyxatga olinmagan va yollanma mehnatdan foydalanmaydigan, mehnat staji hisobga olinishi va ragʻbatlantiruvchi imtiyozlardan foydalanish huquqi bilan vaqtinchalik mehnat guvohnomalarini rasmiylashtirgan shaxslardir.

Mehnat guvohnomasi ariza beruvchining xohishiga koʻra 1 oydan 12 oygacha muddatga, mehnat organlari tomonidan fuqarolarning doimiy yashash joyidan qatʼi nazar beriladi.

Arizalar 3 kunda koʻrib chiqiladi.

Guvohnomada koʻrsatilgan davr pensiyani hisoblab chiqarish uchun fuqarolarning mehnat stajiga kiritiladi.

Oʻzini oʻzi band qilgan fuqarolarga banklardan Bandlikka koʻmaklashish jamgʻarmalari hisobiga imtiyozli mikrokreditlar ajratiladi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?