1 Noyabrdan boshlab nimalar oʻzgaradi?

16:37 21 Oktyabr 2019 Jamiyat
108 0

Ushbu savolga “Huquqiy axborot” kanali quyidagicha javob berdi.

1. Mobil qurilmalar roʻyxatga olinadi.

Oʻzbekiston hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kiriladigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalar jismoniy shaxslar, import qiluvchilar va ishlab chiqaruvchi korxonalarning mobil qurilmalarni xalqaro oʻziga xos identifikatsiya kodlari boʻyicha roʻyxatga olish tizimiga murojaat qilishi orqali 2019-yil 1-noyabrdan bepul, 2019-yil 1-dekabrdan esa pulli asosda roʻyxatga olinadi.

2. Hisoblagichlar faqat DXM yoki YAIDXP orqali qiyoslovdan oʻtkaziladi.

2019-yil 1-noyabrdan boshlab hisobga olish uskunalarini qiyoslovdan oʻtkazish boʻyicha davlat xizmatlari faqat Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali amalga oshiriladi.

Bunda, hisobga olish uskunalarini qiyoslash davriyligi:

- yuridik shaxslar uchun – 4 yil;

- jismoniy shaxslar uchun – 8 yilni tashkil etadi.

3. Tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari tashkil etiladi.

Yetim bolalar va ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan bolalarni oilaga tarbiyaga (patronat) olayotgan yoki oilaviy bolalar uyi tashkil etayotgan fuqarolarni tayyorlash maqsadida “Mehribonlik” uylari va bolalar shaharchalarida Tutingan ota-onalarni tayyorlash kurslari tashkil etiladi.

4. Suv xoʻjaligi vazirligi idora va tashkilotlari xodimlarining ish haqi oshadi.

Suv xoʻjaligi vazirligi idora va tashkilotlari xodimlarining bazaviy tarif stavkalariga 2019-yil 1-noyabrdan 1,1 va 2020-yil 1-yanvardan 1,2 miqdorda tuzatish koeffitsiyentini qoʻllash hisobiga ularning ish haqi oshiriladi.

5. Suv quduqlarini qazish uchun ruxsatnoma tegishli idoralar bilan kelishilgandan keyin beriladi.

2019-yil 1-noyabrdan 2021-yil 31-dekabrgacha Nurota, Qoʻshrabot va Zomin tumanlari doirasida joylashgan konlar hududida suv olish uchun quduqlarni qazishga ruxsatnoma (aholini ichimlik suvi bilan taʼminlash uchun moʻljallangan quduqlardan tashqari) Geologiya va mineral resurslar davlat qoʻmitasi tomonidan mutassaddi idoralar bilan kelishilgan holda beriladi.

6. Yuqori turistik salohiyatli fuqarolar yigʻinlarining roʻyxati tuziladi.

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi eng yuqori turizm salohiyatiga ega boʻlgan fuqarolar yigʻinlari roʻyxatini shakllantiradi. Shuningdek, ushbu fuqarolar yigʻinlari hududlarida 20 tadan kam boʻlmagan oilaviy mehmon uylari tashkil etilganda va turistlar uchun kamida besh xil xizmat turlari koʻrsatilgan taqdirda ularga “Turizm mahallasi”, “Turizm qishlogʻi” yoki “Turizm ovuli” maqomini beradi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?