1-noyabrda Toshkentda AQSHning Vebster universiteti xorijdagi oʻzining eng yirik filialini rasman ochadi

13:44 30 Oktyabr 2019 Jamiyat
185 0

Noyabr oyi boshida Toshkentda Vebster universitetining rasmiy ochilish marosimi boʻlib oʻtadi. 470 nafar talabani oʻz bagʻriga olgan ushbu dargoh nafaqat Oʻzbekistondagi birinchi AQSH universiteti boʻladi, , balki uning xorijdagi eng yirik filialiga aylanadi.

Eslatib oʻtamiz, joriy yil fevral oyida mamlakatimizning AQSHdagi elchixonasida mamlakatimiz diplomatik missiyasi rahbari bilan Oʻzbekistonda Vebster universitetning doimiy faoliyat yurituvchi birinchi filialini taʼsis etish toʻgʻrisida bitim imzolangan edi.

Yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, 2019-2020 oʻquv yilida Toshkentdagi mazkur oliy taʼlim muassasasida tahsil olayotgan talabalar soni 470 nafarga yetdi. Shunday qilib, Amerikaning Toshkentdagi ushbu ilm maskani talabalar soni boʻyicha Tailand, Xitoy, Niderlandiya, Shveysariya, Gretsiya, Avstriya va Ganadagi filiallarini ham ortda qoldirdi. Uning asosiy qarorgohi esa Missuri shtatidagi Sent-Luis shahrida joylashgan.

Eʼtirof etish lozimki, yurtimizda Vebster universiteti filiali ochilishi ilk bor 2017-yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston-AQSH biznes-forumi chogʻida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan eʼlon qilingan edi. 

Binobarin, universitetning Sent-Luisdagi rahbariyati bilan qator uchrashuvlar va muzokaralar yakunlari, shuningdek, erishilgan kelishuvlar doirasida 2018-yil sentyabr oyida Oʻzbekiston davlat jahon tillari universiteti bazasida TESL magistrlik dasturi(ingliz tilini ikkinchi xorij tili sifatida oʻqitish) ishga tushirildi.

Buni qarangki, Vebster universiteti vakillari dastlab unda 50-60 nafar atrofida talaba oʻqishini kutishganini tan olishdi. Biroq bunday hisob-kitoblar oʻzini oqlamadi, balki oshib ketdi. Yaʼni ingliz tili boʻyicha malakali oʻqituvchilarga boʻlgan talablar sharoitida 120 nafar talaba TESL dasturi boʻyicha tahsil ola boshladi.

Shuning uchun oxirgi yilda universitet tomonidan oʻqitish dasturi kengaytirildi. OTM bakalavrlar uchun ham, magistrlar uchun ham barcha akademik dasturlar, xususan, biznesni boshqarish, marketing va tadbirkorlik, kompyuter fani, jurnalistika va media-sanoat, STEM taʼlimi va innovatsiyalar kabi Oʻzbekiston uchun ustuvor taʼlim yoʻnalishlarini taqdim etdi.

Shuningdek, hozirgi kunda Vebster tomonidan OʻzDJTU, TDIU, SamDCHTI negizida ham alohida dasturlar amalga oshirilmoqda.

“Bizning dasturlar Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim salohiyatini mustahkamlash, hozirgi avlod talabalari, qolaversa, mintaqadagi biznes yetakchilari va jamoatchilik uchun oʻqitishning yangi hamda qiziqarli imkoniyatlarini taqdim etish maqsadida joriy etildi”, - deydi Vebster universiteti prezidenti Julian Shuster.

Rasmiy ochilish marosimi 1-noyabr kuni oʻtkaziladi. Unda Vesbter universiteti rektori doktor Elizabet Strobl va prezidenti Julian Shuster ishtirok etadi.

S.MAXSUMOV (“Xalq soʻzi“)


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?