1 mln foizlik inflyatsiya prognoz qilinmoqda

11:51 26 Iyul 2018 Dunyo
519 0
Illyustrativ foto

Venesuela prezidenti Nikolas Maduro 20 avgustdan mamlakat milliy valyutasi bolivar denominatsiya qilinishi va Petro kriptovalyutasiga bog‘lanishini ma’lum qildi. Bu haqida “Ъ” manbasi xabar berdi.

“Pul-krelit siyosatini isloh qilish 20 avgustdan boshlanadi. Yangi valyuta, suveren bolivar chiqariladi va muomalaga kiritiladi, u Petroga bog‘lab qo‘yiladi”, - dedi Maduro davlat televideniyesida jonli efirda qilgan chiqishi chog‘ida.

Yangilangan banknotalardan beshta nol olib tashlanadi. Ushbu davlat rahbarining aytishicha, milliy valyutani kriptovalyutaga bog‘lash mamlakatda moliyaviy vaziyatni tubdan o‘zgartirish imkonini beradi.

Bundan oldin Xalqaro valyuta fondi Venesuelada inflyatsiya yil oxiriga kelib 1 000 000 foiz bo‘lishini prognoz qilgandi.

Ayni paytda Venesuelada davom etayotgan iqtisodiy inqiroz giperinflyatsiya va birlamchi ehtiyoj mahsulotlari tanqisligiga sabab bo‘layapti.

Eslatib o‘tamiz, Nikolas Maduro shu yil may oyida prezidentlik lavozimiga ikkinchi bor saylangan edi.

Ma’lumot uchun, Petro – Venesuela milliy kriptovalyutasi bo‘lib, 20 fevraldan paydo bo‘ldi. 1 petro qiymati Venesuela neftining 1 barreli narxi bilan teng. Valyuta qadri tabiiy resurslar, xususan, oltin, neft va olmos bilan ham ta’minlangan.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?