1-martdan nimalar oʻzgaradi?

13:51 24 Fevral 2020 Jamiyat
931 0

“Huquqiy axborot“ kanali ushbu savolga quyidagicha javob berdi.

1. Inkassatsiya xizmatlari uchun haq buyurtmachi tomonidan toʻlanadi

Xoʻjalik yurituvchi subyektlarning naqd pullarini banklarga inkassatsiya xizmatlari orqali yetkazib berilishi boʻyicha xizmat haqi shartnoma asosida buyurtmachi, yaʼni inkassatsiya xizmatlari koʻrsatilishining tashabbuskori (xoʻjalik yurituvchi subyekt yoki bank) tomonidan toʻlanadi.

2. Qurilishning loyiha hujjatlariga oʻsimliklarni salbiy taʼsirdan himoya qilishga oid majburiy talab kiritiladi

Qurilish, rekonstruksiya qilish, kapital taʼmirlash, qurilish obyektlarini obodonlashtirish, buzish, qurilish obyektlarini foydalanishga qabul qilish paytida loyihalash hujjatlariga quyidagi majburiy talablar kiritiladi:

oʻsimlik dunyosi obyektlariga, ularning oʻsish muhitiga salbiy taʼsirning oldini olish, shuningdek, ularni bunday taʼsirdan himoya qilishni taʼminlaydigan choralar;

qonun hujjatlariga muvofiq kompensatsiya choralari;

koʻkalamzorlashtirish ishlarini loyihalashtirish qoidalariga hamda shu sohadagi meʼyorlarga muvofiq amalga oshirish.

3. Qurilish sohasidagi ayrim xodimlar maoshi oshadi

Byudjet tizimidagi byudjet mablagʻlari hisobiga moliyalashtiriladigan obyektlardan tashqari kapital taʼmirlash obyektlarida davlat qurilish nazoratini amalga oshirish boʻyicha talablar bekor qilinadi.

Shuningdek, Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi xodimlari mehnatiga haq toʻlash miqdorlari 1,4 barobarga oshiriladi.

4. Limonzorlarni barpo etishning yangi tartibi joriy etiladi

Unga koʻra, Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaliklarini rivojlantirish agentligi, hokimliklar, qayta ishlash korxonalari va eksport qiluvchi tashkilotlar ishtirokida tashkil etiladigan kooperatsiyalar (klasterlar) va mahsulot yetishtiruvchilar uchun alohida vazifalar belgilandi.

Jumladan, Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaliklarini rivojlantirish agentligi yangi barpo etiladigan limonzorlar uchun standartlarni (koʻchat navi va sifati, ekish sxemasi, issiqxonaga qoʻyiladigan talablar, resurs tejovchi texnologiyalar hamda boshqalar) belgilaydi, limonchilik tarmogʻini rivojlantirishda ilgʻor xorijiy tajriba va resurs tejovchi innovatsion texnologiyalar joriy etilishini tashkil qiladi. 

Shuningdek, kooperatsiyalarga birlashgan limon yetishtiruvchi fermer va dehqon xoʻjaliklari, qishloq xoʻjaligi korxonalari va tadbirkorlik subyektlariga:

- yangi limonzorlarni barpo etish va koʻchatlarni xarid qilish bilan bogʻliq boʻlgan xarajatlarning har bir gektari uchun 30 mln soʻmdan oshmaydigan miqdori Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish jamgʻarmasi hisobidan;

- limon mevalarining eksporti bilan bogʻliq transport xarajatlarining 25 foizigacha boʻlgan miqdori Eksportni ragʻbatlantirish agentligi tomonidan subsidiya sifatida qoplab beriladi.

5. Respublika hududlarida tadbirkorlikning rivojlanganlik darajasiga baho berish tizimi joriy etiladi

Baholash yarim yillik va yil yakuni boʻyicha oʻtkaziladi.

Baholash natijasida Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek tuman va shaharlar reytingi tuziladi, reytingda yuqori koʻrsatkichlarga ega hududdagi tashkilotlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari boshqaruv xodimlari moddiy ragʻbatlantiriladi.

Baholash Iqtisodiyot va sanoat vazirligi hamda Adliya vazirligi tomonidan amalga oshiriladi.

6. Ayrim jihozlarni Oʻzbekiston hududiga olib kirilishi taqiqlanadi

Avval foydalanilgan, bojxona rasmiylashtiruvi vaqtida ishlab chiqarilgani 3 yildan oshgan induksion pechlar va kameralarning (TIF TN kodi 8514 20 1000) Oʻzbekiston hududiga olib kirilishi taqiqlanadi.

7. Yer ajratish haqidagi hujjatlar hokimliklarning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilib boriladi

Aholi maskanlarining meʼmoriy qiyofasini tubdan yangilash va obodonlashtirish, shuningdek, ularda kompleks qurilish va rekonstruksiya qilish ishlarini amalga oshirishga oid qarorlar dastlab oʻsha hududdagi aholi oʻrtasida muhokama qilinib, jamoatchilik ekspertizasidan oʻtkaziladi.

Shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga yer ajratish haqidagi hujjatlar qabul qilinganidan (rasmiylashtirilganidan) keyin bir kun muddatda tegishli hokimliklarning rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilib boriladi.

8. Ayrim hududlarda kadastr pasportining yangi namunasi joriy etiladi

Andijon, Namangan, Fargʻona viloyatlari, shuningdek, Toshkent shahrida – 2020-yil 1-martdan boshlab plastik shaklda tayyorlanadigan koʻchmas mulk obyekti kadastr pasportining yangi namunasi joriy etiladi.

Bunda, Andijon, Namangan, Fargʻona viloyatlari, Toshkent shahrida joylashgan koʻchmas mulk obyektiga boʻlgan mulk huquqi yoki boshqa ashyoviy huquqlar vujudga kelgan, boshqa shaxsga oʻtgan, bekor boʻlgan yoki koʻchmas mulk obyektining huquqiy holati oʻzgarganligini tasdiqlash yuzasidan murojaat qilinganda, ariza beruvchiga DXMlar orqali yangi namunadagi kadastr pasporti beriladi.

9. Ipotekaning yangi tartibi boʻyicha subsidiyaga arizalar DXM orqali beriladi

Bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan taʼminlashning yangi tartibi doirasidagi subsidiyalar olish uchun arizalar Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali beriladi.

10. Nodavlat tibbiy tashkilotlarda litsenziya talablari va shartlariga rioya qilinishi ustidan 2,5 yilda koʻpi bilan bir marta davomiyligi 5 kundan oshmagan tekshiruv oʻtkaziladigan boʻladi.

Shuningdek, Davlat yongʻin nazorati organlari tomonidan yongʻin xavfliligiga koʻra obyektlar boʻyicha quyidagi muddatlarda yongʻin xavfsizligi talablariga rioya qilinishi yuzasidan tekshiruv oʻtkaziladi:

- 1-guruhga kiradigan obyektlarda – 1 yilda koʻpi bilan bir marta;

- 2-guruhga kiradigan obyektlarda – 2 yilda koʻpi bilan bir marta;

- 3-guruhga kiradigan obyektlarda – 3 yilda koʻpi bilan bir marta.

11. Nazorat ostidagilarga ijtimoiy-huquqiy va psixologik yordam koʻrsatish boʻyicha vazirlik va idoralar oʻrtasida oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyiladi.

12. “Turizm sohasida faoliyat yuritayotgan hunarmandlar reyestri” onlayn tarzda real vaqt rejimida yangilanuvchi ochiq va umum foydalaniladigan veb-sayt koʻrinishida ishga tushiriladi.

13. Davlat umumiy oʻrta taʼlim muassasalarini yangidan qurish, rekonstruksiya qilish, mukammal taʼmirlash va jihozlash, moliyalashtirish manbalaridan qatʼiy nazar, “Zamonaviy maktab”larni qurish va rekonstruksiya qilishning namunaviy loyihalari va jihozlash meʼyorlari asosida amalga oshiriladi.

14. Jamoat maqsadlariga moʻljallangan va kecha-kunduz ishlaydigan, sanitariya va shaharsozlik normalari va qoidalari talablariga javob beradigan sanitariya-gigiyena shoxobchalari bilan jihozlanmagan AGTKS, AGQS va AYOQSlarning faoliyat koʻrsatishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

15. “Qishloq xoʻjaligiga moʻljallanmagan yer uchastkalarini xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasining Qonuni kuchga kiradi.

16. Respublika boʻyicha – tegishli ravishda traktorchi-mashinist guvohnomasini rasmiylashtirishda – traktorchi-mashinist guvohnomasining, texnikalarni roʻyxatdan oʻtkazishda (qayta roʻyxatdan oʻtkazishda) – texnik pasport va texnik guvohnomaning yangi namunalari beriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?