1 kilo "petrushka" 9,5 dollar yoxud Oʻzbekiston Ukraina va Rossiyaga koʻkat yetkazib berish boʻyicha yaqqol peshqadamga aylandi

17:43 17 Dekabr 2019 Iqtisodiyot
605 0

EastFruit portali tahlilchilarining qayd etishlaricha, Oʻzbekiston Ukraina va Rossiyaga sarxil koʻkatlar — shivit(ukrop), petrushka va kinza eksport qilish hajmlarini keskin oshirgan.

2019-yilning birinchi uch choragida Ukraina Oʻzbekistondan 1,2 mln. dollar qiymatda koʻkat eksport qilgan. Bu tarixiy rekord boʻlib, oʻtgan yildagi koʻrsatkichdan 2,6 barobar koʻpdir.

2019-yilning yanvar-sentyabr oylarida Oʻzbekiston Ukraina bozoriga 1,6 ming tonna sarxil koʻkat yetkazib bergan. Bu esa Ukrainaga shu turdagi mahsulotlarni yetkazib beruvchilar reytingida Oʻzbekistonni Italiya, Eron va Gruziyani ortda qoldirgan holda peshqadamga aylantirdi. Ukrainaga koʻkat yetkazib berishda Oʻzbekistonning hissasi 41 foizga yetdi, vaholonki ikki yil oldin bu koʻrsatkich 9 foizdan ham kam edi.

Umuman olganda, Ukraina koʻrsatilgan davrda koʻkat importini 40 foiz oshirib, 3,9 ming tonnaga yetkazdi. Shu muddat ichida mazkur davlatga Eron 1,25 ming tonna, Gruziya 0,46 ming tonna va Italiya 0,33 ming tonna koʻkat eksport qilgan.

Eʼtiborlisi, Oʻzbekiston bunday sabzavotlarni Ukrainaga asosan avtotransport vositalarida joʻnatgan boʻlsa, Rossiyaga samolyotlar orqali yuborgan. Solishtirib koʻrganda, Rossiya Ukrainaga nisbatan deyarli oʻn barobar koʻp, yaʼni 33,5 ming tonna koʻkat import qilgan boʻlsa, shundan 13,5 ming tonnasi Oʻzbekistonga tegishlidir.

Tabiiyki, Oʻzbekiston uchun koʻkatni Rossiya bozoriga eksport qilish foydaliroq, sababi u yerda narx qimmatroq. Boz ustiga, hajm ham Ukraina bozoriga nisbatan koʻp.

EastFruit portali chakana savdo boʻyicha monitoringi maʼlumotlariga koʻra, 2019-yil noyabr holatida Moskvadagi supermarketlarda bir kg. petrushka narxi 9,5 dollar, Kiyevda esa 5,2 dollarni tashkil etgan. Toshkentda esa buning uchun bir yarim dollardan ham kam toʻlashadi.

Mazkur yoʻnalishdagi biznes rivojlanishi surʼatlarini inobatga olganda, u Oʻzbekiston sharoitida juda jozibali hisoblanadi va kelgusida oʻzbekistonlik yetkazib beruvchilar boshqa xorij davlatlari bozorlarini ham egallashlarini kutish mumkin.

Zero, 2019-yilda Oʻzbekiston Rossiyaga sarxil koʻkat yetkazib berish boʻyicha barcha raqiblarni ortda qoldirib, yetakchiga aylandi. 2019-yilning 9 oyi yakunlari boʻyicha, Rossiya Oʻzbekistondan oʻtgan yilning shu davridagiga nisbatan 19 foiz koʻp koʻkat olib kirgan.

Shu paytgacha Rossiya bozoriga bu turdagi mahsulotni yetkazib berishda Eron peshqadam edi. Biroq joriy yilda forslarning eksporti 14 foiz kamayib ketgan boʻlsa, Oʻzbekistonning Rossiyaga koʻkat yetkazib berishdagi solishtirma ogʻirligi Ukrainadagi kabi 40 foizni tashkil qildi.

Qiziqarli tomoni, Oʻzbekiston Belarus bozorida bu borada beshinchi oʻrinni egalladi. Mazkur mamlakatda Livan birinchi, Italiya ikkinchi, Paragvay uchinchi va Polsha toʻrtinchi boʻldi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?