1-iyundan nima oʻzgaradi?

13:51 26 May 2020 Jamiyat
1093 0

Ushba savolga “Huquqiy axborot” kanali javob berdi.

1. Ayrim tadbirkorlar mol-mulk soligʻi va yer soligʻini toʻlashdan vaqtincha ozod qilinadi

2020-yilning 1-iyunidan 1-sentyabrigacha quyidagilar mol-mulk soligʻi va yer soligʻi toʻlashdan ozod qilinadi:

kichik tadbirkorlik subyektlari;

bozorlar va savdo komplekslari;

kinoteatrlar;

umumiy ovqatlanish joylari;

jamoat transporti korxonalari;

sport-sogʻlomlashtirish muassasalari;

yoʻlovchi tashish, maishiy xizmat koʻrsatish, binolarni, shu jumladan banketlar oʻtkazish uchun ijaraga berish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar.

2. Nafaqa oluvchilar soni oshiriladi

14 yoshgacha bolalari boʻlgan oilalarga nafaqa, bola ikki yoshga toʻlgunga qadar bola parvarishi boʻyicha nafaqa va moddiy yordam oluvchilar soni qoʻshimcha 10 foizga oshiriladi.

3. Fitobarlar tashkil etiladi

Tibbiyot muassasalari, shu jumladan oilaviy poliklinikalar va qishloq (ovul) vrachlik punktlarida, shuningdek bosqichma-bosqich barcha vazirlik va idoralarda, Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroporti hamda mahalliy aeroportlarda, barcha turdagi avtovokzal, temir yoʻl vokzallarida, bozorlar, sanatoriy-kurort muassasalarida hamda boshqa aholi gavjum joylarda fitobarlar tashkil etiladi.

4. Qator tamaki mahsulotlariga aksiz soligʻi kiritiladi

Import qilinadigan qizdiriladigan tamaki mahsulotlari, chekiladigan, chaynaladigan, hidlanadigan, shimiladigan (snyus), chilim uchun tamaki, nikotinli tamakisiz snyus, tarkibida nikotin mavjud suyuqliklarga aksiz soligʻi kiritiladi.

Shu munosabat bilan, Oʻzbekiston hududiga olib kiriladigan, aksiz soligʻiga tortiladigan tovarlarga aksiz soligʻi stavkalari qoʻshimcha pozitsiyalar bilan toʻldiriladi.

Unga koʻra, qator tamaki mahsulotlarining aksiz soligʻi stavkalari miqdorlari belgilandi.

Jumladan, 2020-yil 1-iyundan chekiladigan tamakining 1 kilosi uchun 25 AQSH dollari miqdorida aksiz soligʻi solinadi.

5. Mahalliy eksport qiluvchilar transport xarajatlarining bir qismi davlat tomonidan qoplanadi

Mahalliy eksport qiluvchilarga yuklarni avtomobil va havo transporti orqali eksport qilish xarajatlarining bir qismini davlat tomonidan qoplash, shuningdek, tadbirkorlarning infratuzilma barpo etish boʻyicha xarajatlarining bir qismi uchun kompensatsiya toʻlash mexanizmlari joriy etiladi.

6. Vakolatli organlar tadbirkorlarga litsenziya olish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratishda yordam beradilar

Tadbirkorlarga litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni berishda kadrlarning professional malakasi, taqdim etilgan hujjatlar va dasturlarning qonun hujjatlarida belgilangan talablarga, bino va inshootlarning — sanitariya-epidemiologik talablarga va yongʻin xavfsizligi talablariga javob bermasligi sababli rad etishga yoʻl qoʻyilmaydi.

Bunda, vakolatli davlat organlari tadbirkorlarga malakali kadrlarni izlash, hujjatlar va dasturlarni qayta ishlash uchun mutaxassislarni jalb qilish hamda litsenziyalar va ruxsat etish xususiyatiga ega boshqa hujjatlarni olish uchun boshqa zarur shart-sharoitlarni yaratishda yordam berishlari lozim, talabgorning taklif etilgan yordamni rad qilish hollari bundan mustasno.

7. Metall prokatining har bir toʻpiga sifat toʻgʻrisidagi hujjat ilova qilinadi

Sotilayotgan va ishlab chiqarishda foydalanilayotgan metall prokatining har bir toʻpiga ishlab chiqaruvchi (import qiluvchi) tomonidan sifat toʻgʻrisidagi hujjat ilova qilinishi kerak.

Sifat toʻgʻrisidagi hujjat texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar talablariga muvofiqlik yuzasidan sinovlarning ijobiy natijalari asosida rasmiylashtiriladi.

Bunda, ishlab chiqaruvchilarda tegishli ishlab chiqarish laboratoriyasi boʻlmasa, metall prokatini boshqa sinov laboratoriyalarida sinovdan oʻtkazishga yoʻl qoʻyiladi.

8. “Oʻzbekiston Respublikasi Davlat oʻq-gilzotekasi faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Hukumat qarorining fuqaroviy va xizmat oʻqotar qurolini nazorat tartibida otish qismi kuchga kiradi.

9. Yuridik shaxslar birja aʼzolari sifatida akkreditatsiyadan oʻtkaziladi

Quyidagilarni nazarda tutuvchi tartib joriy etiladi:

tovar segmentlari boʻyicha birja savdolarini mahsulotning oʻziga xos xususiyatlarini hisobga olib va birja aʼzolariga foydalanish huquqini bergan holda alohida seksiyalarda oʻtkazish;

mahsulotni seksiya tamoyili boʻyicha sotishni taʼminlash va brokerlik oʻrinlarini birjaning rasmiy veb-sayti orqali taqdim etish boʻyicha shaffof mexanizmni inobatga olgan holda, yuridik shaxslarni birja aʼzolari sifatida akkreditatsiyadan oʻtkazish;

birja savdosi qoidalari talablariga muvofiqligi boʻyicha faoliyat koʻrsatuvchi birja aʼzolarining malaka darajasini har 3 yilda muntazam aniqlash.

10. Gʻalla yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun kreditlar ajratiladi

Fermer xoʻjaliklari, gʻallachilik klasterlari va Urugʻchilikni rivojlantirish markazi tarkibidagi elita urugʻchilik xoʻjaliklarining gʻalla yetishtirish xarajatlarini moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan 12 oy muddatgacha gʻalla yalpi hosili umumiy qiymatining 40 foizigacha boʻlgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 10 foiz, 50 foizigacha boʻlgan miqdorda moliyalashtirilganda yillik 12 foiz stavkadan (shundan bank marjasi 2 foiz) oshmagan miqdorda kreditlar ajratiladi.

Mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, faqat donni qayta ishlovchi korxonalar hamda donni qayta ishlash quvvatiga ega boʻlgan gʻallachilik klasterlari tomonidan respublikada yetishtirilgan gʻallani xarid qilish uchun tijorat banklari tomonidan 12 oy muddatgacha 50 milliard soʻmgacha miqdorda tijorat kreditlari ajratiladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?