1-iyuldan uylarning narxi 15 foizga oshadimi?

16:18 27 Fevral 2020 Jamiyat
1531 0

“Oʻzshahar qurilish invest“dagi eʼlonni mutaxassislar izohladi.

Mazkur izohlar “Oʻzshahar qurilish invest“ injiniring kompaniyasi rasmiy telegram kanalida eʼlon qilindi.

“2019-yilda qurib foydalanishga topshirilgan uy-joylarga biriktirilgan fuqarolar diqqatiga!” deb boshlangan xabarda quyidagilar yozilgan:

“Ushbu uy-joylar bank krediti mablagʻlari hisobiga qurilgan boʻlib, kreditga hisoblangan foizlar uy-joylar narxiga qoʻshib boriladi. Uy -joylar narxlari oshib ketishining oldini olish uchun sizdan oʻzingizga biriktirilgan kvartirani qisqa muddatda oʻz nomingizga notarial tartibda rasmiylashtirib olishingizni soʻraymiz. Bundan tashqari Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PF-5886-sonli Farmoni 5-bandiga muvofiq, uy-joylar 2020-yil 1-iyulga qadar rasmiylashtirilib, kvartira qiymati “Oʻzshahar qurilish invest“ IK hisob-raqamiga kelib tushmasa, uy-joylar narxiga 15 foiz qoʻshilgan qiymat soligʻi qoʻshilishi haqida ogohlantiramiz”.

Xoʻsh, bu nima degani? Aksariyat fuqarolar oʻylagandek endi kredit hisobiga olingan barcha uylarning narxiga 15 foiz qoʻshiladimi? Ushbu masalaga oydinlik kiritish uchun biz“Oʻzshahar qurilish invest“ IK mutaxassisi javob beradi:

Laziz Umarov, “Oʻzshahar qurilish invest“ IK Uy- joylarni rasmiylashtirish boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari:

— Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 28-noyabrdagi PF-5886-sonli Farmonining 9-ilovasi 5 v-bandiga asosan “Oʻzshahar qurilish invest” IK 2017-2019-yillar dasturlarida qurilgan uy-joylar boʻyicha 2020-yil 1-iyulga qadar qoʻshilgan qiymat soligʻidan ozod qilinishi belgilangan. Uy-joylar va xonadonlar toki fuqarolar nomiga notarial tartibda rasmiylashtirilgunga qadar “Oʻzshahar qurilish invest” IKning mulki hisoblanadi. Yuqoridagi farmon talablaridan kelib chiqib, xonadonlarga biriktirilgan fuqarolar xonadonlarni yuqorida aytilgan sanaga qadar oʻzlarining nomiga rasmiylashtirib olish kerak.

Aytilgan sanaga qadar uy rasmiylashtirilmasa...

Bugungi kun holatida:

-2017-yilda qurilgan 7 919 ta xonadonlardan 20 tasi;

-2018-yilda qurilgan 16 352 ta xonadonlardan 918 tasi;

-2019-yilda qurilgan 17 587 ta xonadonlardan 8 468 tasi fuqarolar nomiga rasmiylashtirilmagan.

Oʻz nomiga rasmiylashtirilmagan xonadonlar “Oʻzshahar qurilish invest” mulki hisoblangandan keyin,xonadon sohiblari uchun bugungi kunda kreditning oylik foiz toʻlovlarini bizning tashkilot toʻlab kelmoqda. Yanada aniqroq aytganda, deylik, fuqaro unga hokimiyat tomonidan biriktirilgan xonadonni oʻz vaqtida nomiga rasmiylashtirib olmadi. Oradan bir yoki ikki yil oʻtib xonadon sohibi uyni oʻz nomiga rasmiylashtirganda tashkilot toʻlab kelgan kredit toʻlovi ham avtomatik tarzda fuqaroning oyma-oy toʻlashi lozim boʻlgan foiz miqdoriga qoʻshib hisoblanadi. Bunday hisob-kitob esa oʻz-oʻzidan fuqaroga qoʻshimcha xarajatni yuzaga keltiradi. Agar fuqarolar 1-iyunga qadar uy-joyni oʻz nomlariga rasmiylashtirishmasa, mazkur foiz toʻloviga QQS ham qoʻshiladi. Anglaganingizdek, bir biriga uzviy bogʻliq.Shuning uchun rasmiylashtirish jarayonida narxlar borasida tushunmovchiliklar yuzaga kelmasligi uchun fuqarolarni ogohlantirib qoʻydik.

Respublikadagi barcha yangi qurilgan uylarda narxlar koʻtariladimi?

— Ha, 15 foiz QQS miqdori respublikadagi barcha yangi qurilgan uylarga taʼsir qiladi. Toshkent shahrida esa ayni paytdagi narxlar va QQS bilan hisoblangan miqdorlar quyidagicha:

- 1 m2 oʻrtacha 3 980 000 soʻmlik uy-joylarda QQS bilan 4 577 000 soʻmni (QQS 597 000 soʻm);

- 1 m2 oʻrtacha 4 100 000 soʻmlik uy-joylarda QQS bilan 4 715 000 soʻmni (QQS 615 000 soʻm);

- 1 m2 oʻrtacha 4 330 000 soʻmlik uy-joylarda QQS bilan 4 979 500 soʻmni (QQS 649 500 soʻm);

- 1 m2 oʻrtacha 4 160 000 soʻmlik uy-joylarda QQS bilan 4 784 000 soʻmni (QQS 624 000 soʻm) tashkil qiladi.

Maʼlumot oʻrnida:

Prezident Farmoni bilan “Oʻzshahar qurilish invest” IKga 2020-yil1-iyulgacha berilgan imtiyozlar 2017-2019-yil dasturlari boʻyicha qurilgan uy-joylarga nisbatan keltirilgan. 2020-yil dasturi doirasida qurilayotgan uy-joylar uchun yuqoridagi imtiyozlar tatbiq etilmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?