1-iyuldan nimalar oʻzgaradi?

16:40 25 Iyun 2020 Jamiyat
7000 0

1. Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni roʻyxatga olish tartibi soddalashtiriladi

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat (ishlar, xizmatlar) turlari roʻyxati 67 taga kengaytiriladi.

Oʻzini oʻzi band qilgan shaxslarni roʻyxatga olish xabar berish tartibida oʻzini oʻzi band qilgan sifatida roʻyxatdan oʻtganlikni tasdiqlovchi matritsali shtrix kod (QR-kod) bergan holda maxsus mobil ilova yoxud soliq toʻlovchining shaxsiy kabineti orqali amalga oshiriladi.

Shuningdek, oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar 2020-yil uchun ijtimoiy soliqni oʻzini oʻzi band qilgan shaxs sifatida haqiqatda ishlagan vaqtidan qatʼi nazar, BHMning kamida 50 foizi hajmida toʻlaydi.

2. Koʻp qavatli binolarni quruvchi tashkilotlarga bojxona imtiyozlari beriladi

2020-yil 1-iyuldan 2023-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda koʻp qavatli monolit uy-joylar qurish uchun belgilangan tartibda shakllantiriladigan roʻyxatga muvofiq import qilinadigan beton quyish qoliplari, beton tayyorlash mashina va mexanizmlari bojxona toʻlovlaridan (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) ozod etiladi.

Bojxona toʻlovlarini toʻlovchilar 2020-yil 1-iyuldan 2023-yil 1-iyulgacha boʻlgan muddatda import qilinadigan qurilish sohasida foydalaniladigan mashina va mexanizmlar, texnologik jihozlar, kichik mexanizatsiya vositalari, asbob-uskunalar, ehtiyot qismlar va butlovchi buyumlar boʻyicha bojxona toʻlovlarini (qoʻshilgan qiymat soligʻi va bojxona rasmiylashtiruvi yigʻimlaridan tashqari) 120 kungacha kechiktirib yoki boʻlib-boʻlib toʻlash huquqiga ega boʻladi.

3. Toshkent shahar DXMda fuqarolar uchun mediator xizmati joriy etiladi

Eksperiment tariqasida, Toshkent shahrida davlat xizmatlari markazlari binolarida nizolashuvchi fuqarolarga mediator xizmatidan foydalanish uchun alohida xonalar ajratiladi.

4. Koʻp kvartirali uy-joylarni qurish jarayonida atrof-muhitni himoya qilish va ijtimoiy boshqaruv tizimi joriy etiladi

2020-yil 1-iyuldan boshlab:

  • Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi va viloyatlar hokimliklari tomonidan uy-joylar qurish uchun yerlar sugʻoriladigan yerlar va oʻrmon fondiga kirmaydigan hamda aholini majburiy koʻchirish xavfi boʻlmagan taqdirda ajratiladi;
  • yer uchastkalarini berish (realizatsiya qilish) masalalarini koʻrib chiquvchi komissiya tarkibiga “Oʻzgidromet” markazining hududiy boʻlinmalari vakillari kiritiladi hamda ularning xulosasi olinadi;
  • qishloq joylarda koʻp kvartirali uy-joylarni qurish boʻyicha tanlov savdolarida gʻolib boʻlgan tadbirkorlar bilan investitsiya shartnomalari tuziladi;
  • uy-joylarni qurish boʻyicha ajratilgan yer massivlari (uchastkalari) va lokal oqova suv tozalash inshootlarining atrof-muhitga taʼsir koʻrsatish xulosasi tayyorlanadi hamda Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasining hududiy boshqarmalari tomonidan davlat ekologik ekspertizasi xulosalari beriladi;
  • koʻp kvartirali uy-joylarni qurish jarayonida xalqaro moliya institutlari talablaridan kelib chiqib, atrof-muhitni himoya qilish va ijtimoiy boshqaruv tizimi joriy etiladi.

 

5. Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining maoshiga qoʻshimcha ustama beriladi

Fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari xodimlarining lavozim maoshiga 30 foiz qoʻshimcha maxsus ustama toʻlanadi.

6. Noshirlik faoliyatini litsenziyalash tartibi bekor qilinadi

Noshirlik faoliyatini litsenziyalash hamda matbaa faoliyatini amalga oshirish uchun ruxsat berish tartiblari bekor qilinib, noshirlik va matbaa faoliyatini boshlaganligi haqida vakolatli davlat organini xabardor etish tizimi joriy qilinadi.

7. Javobgarlik belgilovchi huquqiy normalar faqatgina qonunlar bilan oʻrnatiladi.

Joriy yilning 1-iyulidan boshlab:

xoʻjalik boshqaruvi organlari vakolatiga kiruvchi masalalar va korporativ munosabatlar qonunosti hujjatlarini qabul qilish yoki maʼmuriy usullar orqali tartibga solinishi taqiqlanadi;

jismoniy va yuridik shaxslar uchun javobgarlik belgilovchi huquqiy normalar faqatgina qonunlar bilan belgilanadi;

idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarga jismoniy va yuridik shaxslar uchun qoʻshimcha toʻlov va yigʻimlarni belgilovchi, ortiqcha maʼmuriy va boshqa cheklashlarni nazarda tutuvchi, ularga asoslanmagan xarajatlar yuzaga kelishiga olib keluvchi, ruxsat berish xususiyatiga ega boʻlgan huquqiy normalarni kiritishga yoʻl qoʻymaydi;

texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga huquqiy normalar kiritishga yoʻl qoʻyilmaydi;

texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar Adliya vazirligidan majburiy tartibda huquqiy ekspertizadan oʻtkaziladi;

normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini tayyorlashda konseptual jihatdan yangi mexanizmlarni yaratishning “paket” prinsipi joriy qilinadi;

qonunchilikni tizimlashtirish va ortiqcha huquqiy tartibga solishni kamaytirish maqsadida 2020-yil 1-iyuldan 2021-yil 1-yanvargacha idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish toʻxtatiladi (oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish hamda oʻz kuchini yoʻqotgan deb topish toʻgʻrisidagi, shuningdek, unifikatsiya qilishni nazarda tutuvchi idoraviy normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qilish bundan mustasno).

8. Davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining axborotlarini eshitish tartibi amaliyotga tatbiq qilinadi

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi majlislarida davlat va xoʻjalik boshqaruvi organlari rahbarlarining oʻz faoliyati boʻyicha, shuningdek, Hukumat aʼzolari va tarmoqlar rahbarlarining BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini bajarish, ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish borasida olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisidagi axborotlarini muntazam ravishda eshitish tartibi amaliyotga tatbiq qilinadi.

9. Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasiga qoʻshimcha vakolat beriladi

Qurilish sohasida nazorat inspeksiya va hududiy inspeksiya boshliqlariga huquqbuzarlik faktiga eʼtiroz bildirilgan hollarda ishni koʻrib chiqish uchun sudga taqdim etish tartibini saqlab qolgan holda, shaharsozlik toʻgʻrisidagi qonun hujjatlarining buzilishiga oid maʼmuriy huquqbuzarliklar toʻgʻrisidagi ishlarni koʻrib chiqish vakolati beriladi.

10. Dori vositalariga nisbatan referent narx shakllantirish tizimi joriy etiladi

Mahalliy va xorijiy dori vositalariga nisbatan referent narx shakllantirish tizimi bosqichma-bosqich joriy etiladi.

Unga koʻra, aholi jon boshiga nisbatan daromadlar darajasi yuqori, oʻrtachadan yuqoriroq va oʻrtachadan pastroq boʻlgan davlatlar guruhiga kiruvchi kamida 10 ta referent mamlakatlar tanlanadi.

Dori shakli, qadoqdagi soni, dozasi, konsentratsiyasi, hajmi va qadoqlanishini hisobga olgan holda dori vositasining har bir savdo nomi uchun belgilangan eng yuqori narxi qayd etiladi. Bunda dori vositasini ushbu qiymatdan yuqori narxlarda Oʻzbekistonga yetkazib berish (import dori vositalari uchun) va mahalliy ishlab chiqaruvchilar tomonidan sotilishi (mahalliy dori vositalari uchun) mumkin emas.

Shuningdek, mulkchilik shaklidan qatʼi nazar respublikaning barcha tibbiyot tashkilotlarida majburiy tartibda dori vositalarining xalqaro patentlanmagan nomi boʻyicha retsept yozilishi tartibi joriy qilinadi

Bundan tashqari, “Farmatsevtika mahsulotlarining sirli xaridori” instituti joriy etiladi.

Ushbu institutning asosiy vazifalaridan biri mulkchilik shaklidan qatʼi nazar, tibbiyot tashkilotlari va dorixonalar tomonidan retseptlarni yozish va dori vositalarining savdo nomi uchun cheklangan narxlarni shakllantirish jarayonini tartibga soluvchi qonunchilik talablariga rioya etilishini monitoring qilish va baholash hisoblanadi.

11. Barcha tugʻruqni qabul qilish muassasalarida tugʻilish va oʻlim toʻgʻrisida Elektron maʼlumotlar almashinuvi dasturi yuritiladi

Mulkchilik shakli va idoraviy mansubligidan qatʼi nazar barcha tugʻruqni qabul qilish muassasalarida Elektron maʼlumotlar almashinuvi dasturi yuritilishi majburiy hisoblanadi.

12. Shaxsni ushlab turish holatlari yagona elektron hisobga olish tizimiga kiritiladi

Huquqni cheklaydigan protsessual majburlov choralarini qoʻllash, jumladan shaxsni ushlab turish holatlari yagona elektron hisobga olish tizimiga kiritib boriladi.

13. Loyiha-qidiruv tashkilotlarining elektron reytingi joriy etiladi

Soliq va statistika hisobotlari maʼlumotlari (ish tajribasi, xodimlar, shu jumladan malakali mutaxassislar soni, asosiy vositalar hajmi, olingan daromadlar va toʻlangan soliqlar, ish haqi toʻlash fondi va boshqa mezonlar) asosida avtomatik tarzda shakllanadigan loyiha-qidiruv tashkilotlarining elektron reytingi joriy etiladi.

14. Xususiy muzeylar, badiiy galereyalar va hunarmandchilik markazlariga soliq imtiyozlari beriladi

2023-yil 1-iyulga qadar nodavlat (xususiy) muzeylar, badiiy galereyalar va hunarmandchilik markazlarining asosiy faoliyat turi boʻyicha foyda soligʻi, mol-mulk va yer soliqlari hamda aylanmadan olinadigan soliq stavkalari belgilangan miqdorga nisbatan 50 foizga kamaytiriladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?