1-iyuldan YPX xodimida videokamera boʻlishi shart

14:05 24 Iyun 2019 Jamiyat
465 0

Joriy yilning 1-iyulida hamyurtlarimizni qanday huquqiy-tashkiliy yangiliklar kutyapti? Mazkur savolga “Huquqiy axborot” kanali javob beradi.

1. Videoregistratorlar dalil yigʻuvchiga aylanadi. Avtotransportdagi videoregistratorlarda qayd etilgan huquqbuzarlik endilikda dalil sifatida qabul qilinadi va Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksda belgilangan tartibda koʻrib chiqiladi.

1-iyuldan har qanday jamoat transporti va yoʻlovchi tashish faoliyati bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxslar uchun avtotransport vositalariga videoregistratorlar oʻrnatish majburiydir.

Huquqbuzarlik holatlari toʻgʻrisidagi videoyozuvlarni yuborgan shaxslar eng kam oylik ish haqining besh foizi (hozirgi kunda 10 136 soʻm) miqdoridagi pul mukofoti bilan ragʻbatlantiriladi.

2. YPX xodimida videokamera boʻlishi shart. YPX xodimi xizmat vaqtida mobil videokameradan foydalanishi va bu haqida yoʻl harakati qatnashchilariga maʼlum qilishi shart. Shuningdek, noqonuniy xatti-harakatlar sodir etilsa, buni isbotlash uchun ushbu video yozuvdan foydalanilishi haqida haydovchini ogohlantirishi lozim.

Mobil videokamerasi boʻlmagan YPX xodimiga haydovchi hujjatlarni taqdim etmaslik huquqiga ega.

3. Bepul tibbiy xizmat chegarasi aniq boʻladi. Viloyat va tuman (shahar) darajasidagi statsionar sogʻliqni saqlash muassasalarida aralash moliyalashtirish tizimi joriy etiladi, bunda kafolatlangan bepul tibbiy xizmat hajmiga kirmaydigan davolash turlari pulli asosda amalga oshiriladi.

4. Bepul tibbiy xizmat chegarasi aniq boʻladi. Viloyat va tuman (shahar) darajasidagi statsionar sogʻliqni saqlash muassasalarida aralash moliyalashtirish tizimi joriy etiladi, bunda kafolatlangan bepul tibbiy xizmat hajmiga kirmaydigan davolash turlari pulli asosda amalga oshiriladi.

5. Ayrim yerlarni xususiylashtirish imkoni beriladi. Yuridik shaxslar bino va inshootlari, sanoat infratuzilmasi obyektlari joylashgan yerlarini, jismoniy shaxslar yakka tartibda uy-joy qurish va turar joyga xizmat koʻrsatish uchun ajratilgan yerlarini xususiylashtirish huquqiga ega boʻladi.

6. Davlat mulkini ijaraga berish shaffof boʻladi. Davlat koʻchmas mulk obyektlarini ijaraga berish boʻyicha savdolar “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasi orqali amalga oshiriladi.

7. Mobil ilovalardan taksometr sifatida foydalanish mumkin. Yoʻnalishsiz taksilar uchun talab etiladigan toʻlov terminallari, hisoblagich-taksometrlar va radioaloqa vositalari funksiyalarini maxsus ilovalar orqali (uyali telefonlar, planshetlar, elektron toʻlov tizimlari) amalga oshirish mumkin.

8. Kira qilish uchun mashinani boʻyash shart emas. Yoʻnalishsiz taksi rangini qonun hujjatlarida talab qilingan rangga muvofiq holga keltirish uchun (viloyatlarda sariq va Toshkent shahrida fil suyagi rangi) oʻzi yelimlanadigan materiallardan foydalanishga yoʻl qoʻyiladi, ularni boʻyash shart emas.

Yoʻnalishsiz taksilar avtobuslar uchun ajartilgan maxsus harakat yoʻnalishida harakatlanishi hamda “Toʻxtash taqiqlanadi” belgisi amal qilish hududida toʻxtashi mumkin.

Xalqaro avtomobilda tashishga xorijiy/koʻp tomonlama ruxsatnomalarni olish uchun arizalar bir ish kuni mobaynida koʻrib chiqiladi.

9. Imkoniyati cheklangan fuqarolar uchun dispetcherlik xizmati. Favqulodda vaziyatlar vazirligi tarkibida eshitish va nutqida muammosi boʻlgan shaxslarni ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash dispetcherlik xizmati tashkil etiladi.

Eshitish va nutqida muammosi boʻlgan shaxslar, shuningdek ularning vakillari tomonidan texnik vositalar (video qoʻngʻiroqlar, matnli xabarlar, maxsus dasturiy taʼminotdan foydalangan holda qoʻngʻiroqlar va boshqalar) orqali boʻladigan murojaatlarga shoshilinch operativ xizmatlarning (101, 102, 103, 104, 1050) kechayu kunduz, tezkor javob berishlarini taʼminlash dispetcherlik xizmatining asosiy vazifasi hisoblanadi.

10. Zargarlik uchun imkoniyatlar yanada kengaytiriladi. Zargarlik boʻyicha litsenziyasi boʻlgan mahalliy ishlab chiqaruvchilarga oʻzi ishlab chiqargan zargarlik buyumlarining asillik darajasini mustaqil belgilash va ularga asillik darajasi izlarini qoʻyish huquqi beriladi.

Zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi litsenziyaga ega yakka tartibdagi tadbirkorlar oʻz mahsulotlarini mustaqil sotishi, aholidan qimmatbaho metallar parchalari, qimmatbaho toshlar va buyumlarni sotib olish huquqiga ega.

Jismoniy shaxslar qiymati 5 ming dollardan koʻp boʻlgan zargarlik buyumlarini deklaratsiya toʻldirgan holda Oʻzbekistondan tashqariga olib chiqishi mumkin.

Zargarlik sohasidagi tadbirkorlar “Oʻzbekzargarsanoati” uyushmasiga ixtiyoriy aʼzo boʻlsa, uyushma aʼzolarining imtiyoz va preferensiyalari ularga ham tatbiq etiladi.

Oltindan yasalgan zargarlik buyumlarni chakana savdoda sotganlik uchun 1 grammiga 1 000 (bir ming) soʻm miqdorida yigʻim joriy etiladi.

11. gov.uz davlat subdomeniga kirganda trafik yechilmasligi mumkin. Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga davlat subdomenida (gov.uz, my.gov.uz, regulation.gov.uz, data.gov.uz, invest.gov.uz va boshqalar) joylashtirilgan axborot resurslariga kirishda ishlatiladigan trafik uchun haq olmaslik tavsiya etiladi.

12. Qurilish mollari eksporti uchun sertifikat xarajatlari davlat tomonidan qoplanadi. Mahalliy qurilish materiallari ishlab chiqaruvchilarning eksport mahsulotini sertifikatlashtirish xarajatlari Eksportni rivojlantirish agentligi tomonidan qoplanadi.

Texnogen mineral hosilalar haqidagi maʼlumotlar tadbirkorlarga bepul beriladi.

13. Mahalliy elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqaruvchilar uchun imtiyozlar. Elektrotexnika mahsulotlarining davlat xaridlarini amalga oshirishda mahalliy ishlab chiqaruvchilarga 20 foizgacha narx preferensiyasi qoʻllaniladi.

Elektrotexnika korxonalarining eksport boʻyicha muddati oʻtgan qarzdorlik hosil boʻlishini hisoblashning muddati 180 kun etib belgilandi (amaldagi qonunchilikka muvofiq mazkur muddat 120 kun).

Elektrotexnika korxonalarining oʻz ehtiyojlari uchun olib kiradigan texnologik uskunalari boʻyicha toʻlangan pul mablagʻlarini qaytarish muddati 270 kun etib belgilandi (amaldagi qonunchilikka muvofiq mazkur muddat 180 kun).

14. OTM oʻqituvchilari maoshi oshadi. Oliy taʼlim muassasalarining rahbar xodimlari, professor-oʻqituvchilar tarkibi hamda byudjet mablagʻlari hisobiga fundamental, amaliy tadqiqotlar va innovatsion ishlarning ilmiy-texnika dasturlarini amalga oshirishda qatnashuvchi ilmiy-tadqiqot muassasalari ilmiy va rahbar xodimlarining mehnatiga haq toʻlash boʻyicha bazaviy lavozim maoshlari oshirilgan miqdorlarda toʻlanadi.

15. Shuningdek, quyidagi oʻzgarishlar joriy etiladi:

xalqaro tashishlarda foydalaniladigan tyagach (shatakchi) avtomobillarga litsenziya kartochkalari berilishi uchun davlat boji toʻlanmaydi;

“Yevro-5” va “Yevro-6” ekologik sinf talablariga mos keladigan yangi yuk va maxsus avtotransport vositalarini, shuningdek, avtomobilda yuk tashish uchun foydalaniladigan tirkama va yarim tirkamalarni, transport-ekspeditorlik xizmatlarini majburiy sertifikatlash bekor qilinadi;

yoʻlovchilar tashishda foydalaniladigan avtotransport vositalarida nazorat-kassa apparati mavjud boʻlishi talab qilinmaydi;

avtomobilda yuk tashish bilan shugʻullanuvchi yakka tadbirkorlar, shuningdek, ushbu faoliyat bilan shugʻullanuvchi yuridik shaxs rahbarining malaka talablariga muvofiqlik yuzasidan attestatsiyadan oʻtishi shart emas;

avtomobilda yoʻlovchilar va yuklarni tashish boʻyicha faoliyatni amalga oshirish uchun litsenziya olishda yuridik shaxslarning balansida transport vositalari mavjud boʻlishi haqidagi talablar bekor qilinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?