1-avgustdan nimalar oʻzgaradi?

11:49 29 Iyul 2019 Jamiyat
634 0

Ushbu savolga “Huquqiy axborot” kanali quyidagicha javob berdi.

1. Fuqarolardan ayrim maʼlumotnomalarni talab qilish taqiqlanadi.

Davlat xizmatlari koʻrsatishda davlat organlari va boshqa tashkilotlar tomonidan jismoniy shaxslardan jamgʻarib boriladigan pensiya daftarchalari, soliq va boshqa majburiy toʻlovlar boʻyicha qarzi mavjud yoki mavjud emasligi toʻgʻrisida maʼlumotnomalar, soliq toʻlovchining hisobga qoʻyilganligi toʻgʻrisida guvohnomalar, toʻlangan daromadlar va jismoniy shaxslardan olinadigan daromad soligʻining ushlab qolingan summalari toʻgʻrisida maʼlumotnomalar talab qilinishi taqiqlanadi.

Ushbu hujjatlarni davlat boshqaruvi, mahalliy davlat hokimiyati organlari va boshqa tashkilotlar davlat soliq xizmati organlari, ATB “Xalq banki”, byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasidan elektron oʻzaro hamkorlik orqali mustaqil ravishda soʻraydilar va oladilar.

2. Qoʻshilgan qiymat soligʻi va yagona soliq toʻlovchilar safi kengayadi.

Yagona yer soligʻi toʻlovchisi hisoblangan qishloq xoʻjaligi tovarlari ishlab chiqaruvchilari ixtiyoriy ravishda qoʻshilgan qiymat soligʻini toʻlashga oʻtishi mumkin.

Kalendar yili davomida xizmatlarni realizatsiya qilishdan olgan tushumi 100 million soʻmdan oshgan, biroq bir milliard soʻmdan koʻp boʻlmagan telekommunikatsiyalar operatorlari va (yoki) provayderlariga vositachilik xizmatlarini koʻrsatuvchi yakka tartibdagi tadbirkorlar xizmat haqi summasidan 25 foiz stavkada yagona soliq toʻlovini toʻlashga oʻtadi.

3. Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi ayrim xodimlarining ish haqi oshadi.

Yagona tarif setkasi boʻyicha mehnatga haq toʻlashning tasdiqlangan razryadlariga koʻra vazirlik boshqaruv xodimlari lavozim maoshlarini aniqlashda tarif koeffitsiyentlarini bir yarim baravar miqdorida qoʻllanadi.

Davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan vazirlik markaziy apparatining:

fan nomzodi yoki falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlari oylik ish haqiga — 30 foiz;

fan doktori yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga yoki xorijiy davlatlarning unga tenglashtirilgan boshqa ilmiy darajalariga ega xodimlari oylik ish haqiga — 35 foiz ustamalar belgilanadi.

Vazirlikning markaziy apparati xodimlari oylik lavozim maoshiga oliy va oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi tizimida xizmat qilgan umumiy ish staji uchun 3 yildan 5 yilgacha — 10 foiz, 5 yildan 10 yilgacha — 20 foiz, 10 yildan 20 yilgacha — 30 foiz, 20 yildan ortiq — 40 foiz oylik ustamalar toʻlanadi.

4. Ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori oshadi.

Byudjet muassasalari va tashkilotlari xodimlarining ish haqi, pensiyalar, stipendiyalar hamda nafaqalar miqdori 1,1 baravar oshiriladi.

2019-yilning 1-avgustidan boshlab Oʻzbekiston Respublikasi hududida eng kam:

ish haqi — oyiga 223 000 soʻm;

yoshga doir pensiyalar — oyiga 436 150 soʻm;

bolalikdan nogironligi boʻlgan shaxslarga beriladigan nafaqa — oyiga 436 150 soʻm;

zarur ish stajiga ega boʻlmagan keksa yoshdagi va mehnatga layoqatsiz fuqarolarga beriladigan nafaqa oyiga 267 650 soʻm etib belgilanadi.

Shuningdek, II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarning nogironlik pensiyalari eng kam miqdori yoshga doir eng kam pensiyaning 50 foizidan 75 foiziga oshiriladi;

II guruh nogironligi boʻlgan yolgʻiz shaxslar — pensionerlarning pensiyalariga ustama miqdori eng kam ish haqining 50 foizidan 75 foiziga oshiriladi;

boquvchisini yoʻqotganlik nafaqasi miqdori mehnatga layoqatsiz oila aʼzolari soniga amaldagi foizlar nisbati saqlangan holda yoshga doir pensiyaning eng kam miqdoridan kelib chiqib belgilanadi.

I guruh nogironlik nafaqasi, shuningdek, 16 yoshdan katta bolalikdan I guruh nogironlik nafaqasi oluvchilarga har oyda eng kam ish haqining 25 foizi miqdorida qoʻshimcha toʻlov joriy qilinadi.

5. Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasiga ajratmalar miqdori oʻzgaradi.

gaz taʼminoti tashkilotlari tomonidan tabiiy gazni sotishdan tushadigan mablagʻlardan Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamgʻarmasiga ajratmalar, qoʻshilgan qiymat soligʻi va aksiz soligʻini chegirib tashlagan holda, 5 foiz miqdorda amalga oshiriladi;

“Hududiy elektr tarmoqlari” AJ korxonalari tomonidan elektr energiyasini sotishdan tushadigan mablagʻlardan Jamgʻarmaga ajratmalar, qoʻshilgan qiymat soligʻi chiqarib tashlangan holda, 5 foiz miqdorda amalga oshiriladi;

tabiiy gaz va elektr energiyasini sotishdan tushadigan mablagʻlarni taqsimlash tijorat banklari tomonidan avtomatik tartibda amalga oshiriladi.

6. Ayrim turdagi tovarlarni markirovkasiz sotish taqiqlanadi.

2019-yilning 1-avgustidan boshlab, tovarlar toifasidan kelib chiqib, import qilinadigan va respublikada ishlab chiqariladigan tovarlarni himoyalangan belgi va (yoki) nano-molekulyar texnologiyadan foydalangan holda bosqichma-bosqich majburiy markirovkalash joriy etiladi.

Bunda 39 turdagi tovarlar 2019-yilning 1-avgustidan boshlab majburiy tartibda markirovkalanadi.

7. Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga qoʻshimcha kafolatlar beriladi.

Olis va qishloq aholi punktlarida joylashgan byudjet tashkilotlari uchun telekommunikatsiya infratuzilmasini yaratishni taʼminlagan telekommunikatsiya operatorlari va provayderlariga (mobil aloqa operatorlaridan tashqari) 10 yil davomida quyidagilar kafolatlanadi:

ularning xizmatlaridan olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari foydalanishi;

“Oʻzbektelekom” AK tomonidan Internet tarmogʻiga kirish xizmatini ulanish joyidan qatʼi nazar yagona tarif boʻyicha taqdim etilishi;

olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari tomonidan mazkur tashkilotlarga, shuningdek, ushbu hududdagi aholi va boshqa yuridik shaxslarga xizmat koʻrsatishga moʻljallangan telekommunikatsiya vositalarini oʻrnatish uchun maydonlar va infratuzilmalarni begʻaraz asosda taqdim etish.

Shuningdek, telekommunikatsiya operatorlari va provayderlarining foyda soligʻi hamda yagona soliq toʻlovini hisoblashda soliq solinadigan baza olis va qishloq aholi punktlaridagi byudjet tashkilotlari va davlat unitar korxonalari uchun muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasi obyektlarini yaratishga yoʻnaltirilgan mablagʻlar summasiga kamaytiriladi.

8. Baholovchilar toifalanadi.

Baholovchilarning malaka darajasi va baholash faoliyati sohasidagi professional jamoat tashkilotlaridagi aʼzoligidan kelib chiqqan holda toifalanadi.

Toifalash natijalarini Davlat aktivlarini boshqarish agentligi, Oʻzbekiston Baholash tashkilotlari assotsiatsiyasi va Baholovchilar jamiyatining veb-saytlarida eʼlon qilinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?