Qoʻshni davlatdan Oʻzbekistonga oʻqishini koʻchirmoqchi boʻlgan talabalardan imtihon olinmaydi va...

21:00 08 Fevral 2020 Jamiyat
486 0

Foto: www.google.com

Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi qoʻshni davlatlardagi oliy taʼlim muassasalaridan oʻqishini koʻchirish boʻyicha murojaat qilayotgan fuqarolar va ularning ota-onalarni ogohlantirish bilan chiqdi.

“Siz tomoningizdan taqdim etilgan hujjatlar toʻgʻri va toʻliq boʻlgan taqdirda Hududiy ishchi guruhlari tomonidan, albatta, qabul qilinadi.

Koʻchirishda hech qanday qoʻshimcha talablar va sinovlar qoʻyilmaydi.

Turli “yordam beradigan” tamagir va firibgarlarning takliflaridan ehtiyot boʻling”, deyiladi vazirlik xabarida.

Shundan keyin Oliy taʼlim vazirligiga bir kunning oʻzida uch mingga yaqin murojaat kelib tushgan.

Eng koʻp berilayotgan savollarga javoblar quyidagicha:

Hujjatlarni talabaning oʻzi topshirishi kerakmi yoki yaqin qarindoshlari tomonidan ariza toʻldirish mumkinmi?

Respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishni koʻchirish boʻyicha ariza bevosita talabgorning oʻzi tomonidan joyida toʻldiriladi hamda zarur hujjatlar taqdim etiladi.

Hududiy ishchi guruhlarga qanday hujjat taqdim etiladi?

Fuqarolardan Hududiy ishchi guruhlariga quyidagi hujjatlarni taqdim etishlari soʻraladi:

•ariza (joyida toʻldiriladi);

•reyting daftarchasi yoki akademik maʼlumotnoma (transkript) nusxasi;

•pasport nusxasi.

Nodavlat oliy taʼlim muassasasidan ham oʻqishni koʻchirish ruxsat etiladimi?

Respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishni koʻchirish boʻyicha murojaat qilish uchun qoʻshni davlatlarda tahsil olayotgan oliy taʼlim muassasasining mulkchilik shakli boʻyicha cheklovlar yoʻq. Davlat va nodavlat oliy taʼlim muassasalari talabalari birdek oʻqishni koʻchirishlari mumkin. Faqatgina oʻz davlatida oliy taʼlim muassasasi sifatida davlat akkreditatsiyasidan oʻtgan boʻlishi lozim.

Sirtqi va kechki taʼlimda tahsil oladiganlar ham ariza topshirishi mumkinmi?

Qoʻshni davlatlar oliy taʼlim muassasalarida istalgan taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalarga oʻqishini Oʻzbekistonga koʻchirish boʻyicha ariza topshirishlariga ruxsat etiladi.

Qaysi davlatlarda tahsil olayotgan oʻzbekistonlik talabalarga oʻqishini koʻchirish uchun ruxsat etiladi?

Oʻzbekiston Respublikasi taʼlim muassasalariga muassasalariga oʻqishga qabul qilish boʻyicha Davlat komissiyasining 2020-yil 4-fevraldagi 12-son bayoni bilan qoʻshni davlatlari – Tojikiston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan Oʻzbekiston fuqarolariga oʻqishini koʻchirish boʻyicha ariza topshirishga ruxsat beriladi.

Rossiya Federatsiyasi, Ukraina boshqa MDH davlatlari, xorijiy davlatlarda tahsil olayotgan talabalar amaldagi tartibga koʻra, Hududiy ishchi guruhlarga 2020-yilning 15-iyuldan 5-avgustga qadar murojaat qilishi mumkin.

Oʻqishni byudjetga koʻchirsa boʻladimi?

Qoʻshni davlat oliy taʼlim muassasalarida byudjet va toʻlov-kontrakt asosida tahsil oladigan talabalar Oʻzbekiston OTMlariga oʻqishini koʻchirish boʻyicha ariza topshirishlari mumkin. Bunda Oʻzbekistonga oʻqishni koʻchirishda toʻlov-kontrakt asosida koʻchirishga ruxsat beriladi.

Byudjetda oʻqish uchun yozda tanlovda ishtirok etish talab etiladi.

Qaysi kurs talabalariga oʻqishni koʻchirishga ruxsat beriladi?

Tojikiston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan barcha talabalarga, kursidan qatʼiy nazar oʻqishini koʻchirish boʻyicha ariza topshirishga ruxsat beriladi.

Qanday taʼlim yoʻnalishlardan oʻqishni koʻchirish mumkin? Huquqshunoslik, tibbiyot va iqtisod yoʻnalishlarida tahsil olayotganlar ham oʻqishini koʻchirishlari mumkinmi?

Qoʻshni davlatlardan respublika oliy taʼlim muassasalariga oʻqishini koʻchirish uchun ariza topshirishda taʼlim yoʻnalishi borasida hech qanday cheklov yoʻq. Tojikiston, Qirgʻiziston va Qozogʻiston davlatlaridagi oliy taʼlim muassasalarida istalgan taʼlim yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalarga oʻqishini koʻchirish boʻyicha ariza topshirishga ruxsat beriladi.

Akademik qarzdor talabalar ham oʻqishini koʻchirishi mumkinmi?

Oliy taʼlim muassasalari talabalari oʻqishini koʻchirish, qayta tiklash va oʻqishdan chetlashtirish tartibi toʻgʻrisida Nizomga koʻra bu holatda talaba talaba akademik qarzdor sifatida oʻqishga qabul qilinadi yaʼni oʻqishni koʻchirishga ruxsat beriladi.

Talaba qaysi OTMga oʻqishini koʻchirgan boʻlsa, oʻsha OTMda joriy semestr davomida akademik qarzdorlikni bartaraf etishi mumkin.

Maʼlumot uchun, oʻqishni koʻchirish boʻyicha arizalar 15-fevralgacha qabul qilinadi.


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?