Chinozda Navroʻz munosabati bilan Tursunoy Oxunovaning xotira majmuasi ochildi

18:19 21 Mart 2019 Jamiyat
697 0

Foto: Ravshan Mirzaqulov.

Sobiq tuzumning mamlakatimizda olib borgan paxta yakkahokimligi siyosati xalqimiz boshiga katta sinov va mashaqqatlar keltirdi. Ayni vaqtda u jafokash xalqimizning oriyati, fidoyiligini, lafzi halol va mehnatsevarligini butun olamga koʻrsatib berdi. Xalqimizning yoppasiga paxtakorga aylantirilishi, dalalarda qish qahratonigacha paxta terilishi, bu jarayonda, ayniqsa, ayollar, navnihol qiz-juvonlarning qoʻl mehnatidan ayovsiz foydalanilgani chinozlik oddiy ayol Tursunoy Oxunova kabi oʻz davrining qahramonlarini yaratgan.

Tursunoy oʻn yetti yoshida traktor boshqargan. Mexanizator qiz oʻz davrining eng oliy nishoniga birinchi marotaba loyiq koʻrilganida, bor-yoʻgʻi, 22 yoshda boʻlgan.

— Tursunoy ayaning bronza byusti u hayotlik chogʻidayoq qishlogʻimizga oʻrnatilgan edi, — deydi chinozlik jurnalist Surayyo Ahmedova. — Aya har safar mana shu joydan oʻtayotganida oʻz byustini koʻrib juda xijolat boʻlar edilar. Bu bir qoʻli bilan dunyoni tebratgan bizning ayollarga xos kamtarlik, halollik va oddiylikning yorqin misolidir.

Navroʻz bayrami arafasida mazkur maskan qayta taʼmirlanib, obodonlashtirildi. Uning ochilishi munosabati bilan uyushtirilgan tantanali tadbirda Tursunoy Oxunovaning xotirasi yod etildi.

Foto: Ravshan Mirzaqulov.

 

Foto: Ravshan Mirzaqulov.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar mazkur muazzam maydonning qayta yuz ochishi, obodonlashtirilishidan maqsad bugungi yosh avlodni sobiq ittifoq davrida paxta yakkahokimligi tufayli xalqimiz boshiga tushgan jafolardan yaqindan xabardor qilishdan iboratligini, bu ham mamlakatimizdagi maʼrifatli va adolatparvar siyosatning mahsuli ekanligini alohida taʼkidladilar.

Rahmatilla Sheraliyev, (“Xalq soʻzi”).


Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?